Янгиликлар
Nogironlik belgisiga koʻra kamsitish nima va undan qanday himoyalansa boʻladi?
Nogironlik belgisiga koʻra kamsitish nima va undan qanday himoyalansa boʻladi?
Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanib borar ekan, nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilyapti. 2020-yil “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari toʻg’risida”gi qonunning qabul qilinishi ayni masaladagi muhim ishlardan biridir. Bu qonun nogironligi boʻlgan shaxslarni jamiyatda teng imkoniyatlar asosida yashashini ta’minlaydi. Bizga ma’lumki, nogironligi mavjud insonlarning teng imkoniyatli shart-sharoitlarda hayot kechirishining zaruriy sharti ularni nogironlik belgisiga koʻra kamsitmaslik hisoblanadi. Shu sababli, bu qonunda nogironligi boʻlgan insonlarni nogironlik belgisi boʻyicha kamsitmaslik tushunchasi kiritilgan. Qonunga koʻra, “nogironlik belgisiga koʻra kamsitish — maqsadi yoki natijasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqaroviy sohada yoki boshqa sohada oʻzgalar bilan nogironligi boʻlgan shaxslarning teng huquq va erkinliklarini e’tirof etishni yoki roʻyobga chiqarishni inkor qilishdan iborat boʻlgan, nogironlik sababli har qanday ajratib qoʻyish, istisno etish, chetlatish, cheklash” (3-modda Asosiy tushunchalar).
Birlashgan millatlar tashkilotining (BMT) «Nogironlar huquqlari toʻg‘risida»gi Konvensiyaning 5-moddasi ”Tenglik va kamsitmaslik” 5-moddasiga koʻra: “barcha shaxslar qonun oldida teng ekanligini va unga ko‘ra qonun tomonidan biror kamsitishsiz teng himoyalanish hamda undan teng foydalanish huquqiga egaligini tan oladi.” Davlatimiz ushbu Konvensiyaga koʻra nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitishni man etishi hamda nogironligi boʻlgan shaxslarga har qanday asosda kamsitishdan teng va samarali huquqiy himoyani kafolatlashi lozim.
Jamiyatimizda tenglikni rag‘batlantirish va kamsitishni bartaraf etishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlaridan kelib chiqib ta’lim, mehnat, jamoat joylarida va boshqa sohalarda kerakli shart-sharoitlar va oqilona qulayliklarni yaratishi kerak. Agar bunday sharoitlar va oqilona qulayliklar yaratilmasa, nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish holatlariga olib kelishi mumkin.
Nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish qanday koʻrinishda boʻlishi mumkin?
Nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish, insonni jismoniy, aqliy, ruhiy, sensor nuqsoni oqibatida huquq va erkinliklarini teng bir shaklda amalga oshirishini cheklab qoʻyishda namoyon boʻladi. Nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish holatlari turli shakllarda roʻy beradi. Biz nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish holatlarini ochiq yoki yashirin koʻrinishlarini borligini aytib oʻtishimiz kerak.
Misol uchun nogironligi boʻlgan talaba universitetga kirishi bilanoq yashirin bir shakldagi kamsitish holatlariga duch kelishi ehtimoli mavjud. Aksariyat holatlarda jismoniy nogironligi boʻlgan talaba qobiliyatlariga nisbatan shubha bilan qarash holatlari kuzatila boshlanadi. Ustozlar ham bu holatdagi talabani ortiqcha bezovta qilmaslik maqsadida «Siz koʻp ovora boʻlmang, baho masalasi ijobiy hal etiladi!» mazmunida yondashishadi. Oqibatda, nogironligi boʻlgan talaba oʻzi tushunmagan holatda ta’lim jarayonlaridan istisno qilinadi. Bu asta sekin nogironligi boʻlgan talabani ta’lim jamoasidan ajratib qoʻyilishiga olib keladi. Mana bu nogironlik belgisi boʻyicha kamsitishning yashirin shakli sanaladi.
Toshkent tumani YXKM
bosh yuriskonsulti:O.Saidmurodov