Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Mehnat migratsiyasiga oid 5 ta muhim fakt


Mehnat migratsiyasiga oid 5 ta muhim fakt

Mamlakat fuqarolarining chet elda ishlashini yengillashtirish, ularga qulay shart-sharoit yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytganlarni ish bilan taʼminlash va qayta jamiyatga moslashishlariga yordam berish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tashkil etildi. Bu agentlik Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida faoliyat yuritadi. Quyida “Xorijda ish” platformasining qulayliklari haqida 5 ta muhim fakt keltirib oʼtamiz.

1. Mehnat migrantlariga moliyaviy yordam koʼrsatilyapti

“Xorijda ish” elektron platformasida roʼyxatdan oʼtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi orqali chet elga ishlashga ketayotgan fuqarolarga moliyaviy yordam koʼrsatilmoqda. Ular xorijiy til yoki kasbiy malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib, sertifikat olgan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha, ishchi viza rasmiylashtirish xarajatlari uchun 5 baravarigacha, va yoʼl chiptasi uchun 2 baravarigacha kompensatsiya olish huquqiga ega. Bu mexanizm migratsiya xarajatlarini kamaytirish va fuqarolarni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan.

2. Kam taʼminlanganlar uchun sugʼurta xarajatlari qoplab beriladi

Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan va “Temir daftar”, “Аyollar daftari”, “Yoshlar daftari” yoki “Kambagʼal oilalar reestri”ga kiritilgan fuqarolarning hayoti, sogʼligʼi va boshqa tavakkalchiliklarini sugʼurtalash uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Har bir sugʼurtalangan fuqaro uchun yiliga 300 ming soʼmgacha miqdordagi sugʼurta mukofoti davlat hisobidan qoplab beriladi. Bu orqali kam taʼminlangan aholi qatlamiga mehnat migratsiyasida xavfsizlik va moliyaviy himoya kafolati yaratiladi.

3. Huquqlari buzilgan fuqarolarga yuridik yordam koʼrsatiladi

Chet elda ishlash davomida zoʼravonlik, majburiy mehnat, kamsitish yoki huquqbuzarliklarga duchor boʼlgan, shuningdek murakkab moliyaviy ahvolda qolgan, hujjatlarisiz va yashash uchun mablagʼsiz boʼlgan Oʼzbekiston fuqarolariga advokat, yuridik yoki huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar xizmatlari uchun davlat tomonidan toʼlov amalga oshiriladi. Bu bilan ularning huquqiy himoyasi taʼminlanadi. Shuningdek, Kambagʼallikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda subsidiya va kompensatsiya tartibini ikki oy muddatda belgilab berishi lozim.

4. Ogʼir ahvolda qolgan migrantlar uchun markazlar ochiladi

Mehnat migrantlarini moddiy va huquqiy jihatdan yanada samarali qoʼllab-quvvatlash maqsadida Buyuk Britaniya (London), Germaniya (Berlin), Turkiya (Istanbul) va Saudiya Аrabistoni (Аr-Riyod) shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari yoki huquqiy himoya markazlarini ochish belgilangan. Bu tashabbus doirasida tegishli mamlakatlar bilan muzokaralar olib boriladi. Markazlar orqali ogʼir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga huquqiy, axborot va moddiy yordam koʼrsatilishi koʼzda tutilgan.

5. Mehnat migrantlari uchun maxsus mobil ilova yaratiladi

Mehnat migrantlariga amaliy yordam koʼrsatishni yanada osonlashtirish maqsadida maxsus mobil ilova yaratish rejalashtirilgan. Ushbu ilova orqali fuqarolar:

boʼlib turgan mamlakatdagi boshqa vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilishi,

oʼsha mamlakatdagi boʼsh ish oʼrinlari toʼgʼrisida maʼlumot olishi,

pul oʼtkazmalari amalga oshirishi va ogʼir hayotiy ahvolga tushib qolganda yordam koʼrsatuvchi tashkilotlar bilan bogʼlanishi mumkin boʼladi.

Bu ilova mehnat migrantlarining huquqiy, moliyaviy va axborotga boʼlgan ehtiyojlarini qamrab oluvchi samarali vosita boʼlib xizmat qiladi.

Yuqorida keltirilgan 5 ta fakt mehnat migratsiyasini samarali tashkil etish va fuqarolarni qoʼllab-quvvatlash borasida davlat tomonidan amalga oshirilayotgan aniq va maqsadli chora-tadbirlardan dalolat beradi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati, moliyaviy yordam mexanizmlari, sugʼurta va huquqiy himoya, shuningdek, xorijdagi vakolatxonalar va mobil ilova kabi tashabbuslar mehnat migrantlarining huquqlari, xavfsizligi va farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa fuqarolarning chet elda ishlash imkoniyatlarini kengaytirish, ularning qonuniy va shaffof tarzda xorijiy mehnat bozoriga chiqishiga turtki boʼladi.

Toshkent tumani YXKM

bosh yuriskonsulti:                                                                        

O.Saidmurodov