Янгиликлар
Isteʼmolchilarning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinadi
Isteʼmolchilarning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinadi
Qonun (OʼRQ–1078-son, 31.07.2025 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritildi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan qoʼshimchalarga koʼra, sotuvchilarni oldi-sotdi shartnomasida koʼrsatilgan majburiyatlarni oʼz vaqtida bajarishga undaydigan normalar belgilandi.
Xususan, sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida koʼrsatilgan muddatda tovarni topshirish boʼyicha majburiyatini bajarmaganda, kechiktirilgan har bir vaqt birligi uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida isteʼmolchiga penya toʼlashi koʼzda tutildi.
Biroq bunda penyaning umumiy summasi topshirilmagan tovar bahosidan oshib ketmasligi kerak.
Shuningdek, qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga ichki ishlar organlari xodimi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bogʼliq huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritildi.
Bundan tashqari, qonun hujjatlariga kiritilgan oʼzgartirishlarga koʼra, barcha oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda faqat yodlangan tuzdan foydalanilishi belgilandi.
Toshkent tumani Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi bosh yuriskonsulti O.Saidmurodov