Янгиликлар
O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN EGALLAB OLINGAN YER UCHASTKALARIGA HAMDA ULARDA QURILGAN BINOLAR VA INSHOOTLARGA BO‘LGAN HUQUQLARNI E’TIROF ETISH TARTIBINI – BILASIZMI ?
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish tartibini – bilasizmi ?
“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshoatlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 937-sonli qonuni qabul qilingan.
Ushbu Qonunning maqsadi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun:
1) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
2) fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
3) o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari (bundan buyon matnda Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan e’tirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni e’tirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning ko‘rib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollariga;
4) 2021 yil 8 iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer uchastkasiga (bundan shunday yer uchastkasida ikki yil ichida binolar va inshootlar qurilmagan yoki ularning qurilishi boshlanmagan yoxud yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilgan hollar mustasno);
5) fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
6) 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’ektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
7) xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
8) fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.
Yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish asoslari quyidagicha belgilangan.
Fuqarolar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etishga quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilgandagina ruxsat etiladi.
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;
mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa.
Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi quyidagi o‘lchamlarda e’tirof etiladi:
1) agar yer uchastkasi 1998 yil 1 iyulga qadar egallangan bo‘lsa, — barcha hududlarda 0,24 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda;
2) agar yer uchastkasi 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 mayga qadar egallangan bo‘lsa, — Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan ko‘p bo‘lmagan o‘lchamda.
Xatlovdan o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazish har yilgi reja-jadval asosida amalga oshiriladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, shuningdek unda qurilgan binolar va inshootlar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda soliq organlari mazkur qarzdorlikni bartaraf etish haqidagi xabarnomani ikki oy muddatda qarzdorning manziliga yozma shaklda hamda uning telefon raqamiga xabar tarzida yuboradi.
Ushbu qonunda nazarda tutilgan muddat soliq qarzdorligini bartaraf etish uchun berilgan muddatga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi uchun to‘xtatib turiladi.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan tegishli ma’lumotlar qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin yangilanadi.
Quyidagi tartibda fuqarolar xabardor qilinadi.
Yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, Kadastr agentligi tomonidan tegishli shaxslarning telefon raqamiga belgilangan bir martalik to‘lovni yigirma ish kuni ichida to‘lash to‘g‘risidagi xabarnoma avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov belgilangan muddatlarda to‘lanmagan taqdirda, ularning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi ishlar to‘xtatib turiladi.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov to‘langan taqdirda, elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar, ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada (majlisda) ko‘rib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Huquq egasi quyidagi shaxslar bo‘lishi mumkun.
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi mazkur yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxs sifatida ko‘rsatilgan fuqaro va yakka tartibdagi tadbirkor nomiga e’tirof etiladi.
Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxs vafot etgan taqdirda, binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi hamda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ushbu vafot etgan shaxs nomiga e’tirof etiladi. Bunda mazkur ob’ektga nisbatan merosni rasmiylashtirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq vorislik tartibida hal etiladi.
Bir martalik to‘lov quyidagi miqdorda to‘lanadi.
1) Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;
2) Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
3) viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;
4) boshqa aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida.
Bir martalik to‘lovni to‘lashdan quyidagilar ozod etiladi:
1) bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar;
2) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar.
«Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan to‘lovning ellik foizi miqdorida undiriladi.
Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida to‘langan bir martalik yig‘im ham hisobga olinadi va undiriladigan bir martalik to‘lov o‘rtasidagi farq qaytarilmaydi.
Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi quyidagicha.
Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Huquqlari e’tirof etilmagan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish hamda ularda binolar va inshootlar qurish bilan bog‘liq qonun buzilishlarini bartaraf etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bo‘ka tumani adliya bo‘limi boshlig‘i
3 darajali adliya maslahatchisi Q.Jo‘rayev.