Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Mamlakatimiz intellektual mulk sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim hujjat qabul qilindi


Mamlakatimiz intellektual mulk sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim hujjat qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1080-sonli Qonuni mamlakatimiz intellektual mulk sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim hujjatdir. Qonun bilan intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari soddalashtirildi, ayrim obyektlarga ekspertiza muddatlari qisqartirildi, patent bojlari bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklar yaratildi va huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Amaldagi qonun hujjatlaridagi “himoya” atamasi “muhofaza” so‘zi bilan almashtirildi. Endi elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalariga doir guvohnomalar yagona QR-kod asosida elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Patent tizimida esa talabnoma topshirish, patent berish va davlat reyestrlariga kiritish jarayonlari avtomatlashtirildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 149¹, 149² va 149³-moddalar mualliflik huquqlarini buzish, tovar belgilari va patentlarni noqonuniy ishlatish uchun aniq jazolarni belgilab berdi. Endilikda bunday huquqbuzarliklar uchun jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanadi. Shu bilan birga, birinchi marta jinoyat sodir etib, zararni qoplagan shaxslar javobgarlikdan ozod etilishi ham belgilandi.

Qonunda voyaga yetmaganlarga ruxsatsiz diniy ta’lim berish masalasi ham mustahkamlandi. Jinoyat kodeksining 229²-moddasi to‘ldirilib, maxsus diniy ma’lumoti yoki markaziy diniy boshqaruv ruxsatisiz voyaga yetmaganlarga diniy saboq berish qat’iyan taqiqlanib, bunday holatlar uchun jinoiy javobgarlik chorasi belgilandi.

Mazkur qonun intellektual mulk tizimini ishonchli huquqiy asoslar bilan mustahkamlaydi, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlaydi, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay muhit yaratadi hamda jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan hurmatni oshirishga xizmat qiladi.

Huquqiy axborot shu`basi boshlig’i Sh.Toshpo‘latov