Янгиликлар
O‘zbekistonda ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘lari instituti joriy etildi
O‘zbekistonda ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘lari instituti joriy etildi
O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1082-sonli Qonuni bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunga muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu yangilik sud qarorlarining so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, endilikda qarzdor ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Ya’ni, u sud hujjatida belgilangan mulkiy majburiyatlarni bajarish uchun Majburiy ijro organining depozit hisobvarag‘iga mablag‘ o‘tkazishi mumkin. Ushbu mablag‘lar ijro ishini to‘xtatib turish, qarzdorning mol-mulkiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kafolat mablag‘lari quyidagi hollarda kiritiladi:
· sud hujjati ustidan shikoyat yoki protest berilganda;
· davlat ijrochisining harakatlari (qarori) ustidan shikoyat qilinganda.
Agar sud hujjati bekor qilinsa yoki ijro hujjati amalda to‘liq ijro etilsa, mablag‘ qarzdorga qaytariladi. Aks holda, ushbu mablag‘lar ijro hujjati talablarini qondirishga yo‘naltiriladi.
Qonunda aliment majburiyatlari va axloq tuzatish ishlari bilan bog‘liq hollarda cheklovlar alohida tartibda belgilangan. Xususan, bunday hollarda ish haqidan ushlab qolish miqdori xodimga haqiqatan hisoblangan ish haqining 70 foizidan oshmasligi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu Qonunni hayotga tatbiq etish, ijro hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarini moslashtirish va qonunning mohiyatini aholiga yetkazish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur huquqiy yangilik ijro tizimini yanada samarali qilish, sud qarorlari adolatli va to‘liq ijro etilishini ta’minlash, shuningdek qarzdor va da’vogarning manfaatlarini muvozanatlashtirishga xizmat qiladi.
Huquqiy axborot shu`basi boshlig’i Sh.Toshpo‘latov