Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

15

12.08.2025 yilda Prezidentning PQ–247-sonli «Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.


12.08.2025 yilda Prezidentning PQ–247-sonli «Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, soliq solish bazasini kengaytirish, jismoniy shaxslarni qonuniy tadbirkorlikka rag‘batlantirish hamda davlat organlari va moliyaviy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarini raqamlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

 

Hujjatning asosiy yo‘nalishlari:

 

1. Maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. 2030 yil 31 dekabrgacha mamlakatda maxsus huquqiy rejim amaliyotga tadbiq etiladi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

· davlat va moliyaviy xizmatlarni to‘liq onlayn olish;

· avtomatik ro‘yxatdan o‘tish, soliq to‘lash va hisobot taqdim etish;

· bank va to‘lov tizimlari bilan integratsiya;

· biometrik identifikatsiya va SMS orqali tasdiqlangan hujjatlarning yuridik kuchga ega bo‘lishi.

 

Bu rejim yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga taalluqli.

 

2. Raqamli platformalar yaratiladi. Umumiy funksionalga ega raqamli platformalar yaratiladi. Ular orqali quyidagilar amalga oshiriladi:

· YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;

· buxgalteriya va soliq hisobi;

· to‘lovlar, elektron hamyonlar orqali hisob-kitoblar;

· soliq organlari bilan o‘zaro aloqa;

· operatsiyalarni real vaqtda fiskallashtirish;

· cheklar, QR-kodlar, «tap to pay» kabi naqd pulsiz to‘lov vositalarini shakllantirish.

 

Platformalar soliq organlari axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilinadi. Faqat maxsus soliq rejimlarini qo‘llamaydigan va Texnopark rezidenti bo‘lmagan to‘lov tashkilotlarigagina ularni yaratish va xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi. 

 

3. Elektron hamyon — to‘liq moliyaviy vosita sifatida. Raqamli platforma orqali ochilgan elektron hamyon bank hisob raqamiga tenglashtiriladi va quyidagilar uchun foydalanilishi mumkin:

· daromadlarni qabul qilish;

· xodimlar va ta'minlovchilar bilan hisob-kitob qilish;

· soliq va majburiy to‘lovlarni amalga oshirish.

 

Shu bilan birga, an'anaviy bank hisob raqami ochish ixtiyoriy hisoblanadi.

 

4. Hujjat aylanmasi soddalashtiriladi. 2025 yil 1 noyabrdan boshlab raqamli platformalar orqali quyidagilar amalga oshiriladi:

· biometrik tasdiq orqali YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;

· ERIsiz hujjatlarni imzolash;

· to‘liq raqamli hujjat aylanmasi va moliyaviy aylanma.


5. Yangi mehnat munosabatlari formati. Pilot tartibida «shu kunning o‘zida» ish haqini to‘lash mexanizmi joriy etiladi:

· elektron mehnat shartnomalari;

· soliq organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya;

· hisob-kitoblarda elektron hamyonlardan foydalanish.

 

Bu tizim ish haqi to‘lovlarining oshkoraligi va yengilligini oshiradi, biroq mehnat qonunchiligiga rioya qilishni istisno qilmaydi.

 

6. Yangi soliq qoidalari. 2026 yil 1 yanvardan boshlab:

· YaTT uchun jismoniy shaxslar daromadiga bo‘lgan soliqning belgilangan stavkasi bekor qilinadi;

· daromadi 100 mln so‘mdan kam bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilganlar uchun tovar aylanmasidan soliqdan ozod etish bekor qilinadi;

· YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lsa, 1%li yagona soliq stavkasi joriy etiladi;

· agar aylanma belgilangan chegaradan oshsa yoki raqamli platformalardan tashqarida faoliyat yuritilsa, umumiy soliq rejimidan foydalaniladi.

 

Shuningdek, to‘lov tashkilotlari o‘z foydalanuvchilari uchun hisobot shakllantirish va taqdim etish uchun javobgarlikka ega bo‘ladi.

 

7. Majburiy QR-kod va naqd pulsiz to‘lovlar. 2026 yil 1 yanvardan boshlab:

· barcha YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar raqamli platforma orqali yaratilgan maxsus QR-kodga ega bo‘lishi shart;

· QR-kod mavjud bo‘lmasligi kassa intizomi buzilishi sifatida baholanadi;

· raqamli platformalar orqali berilgan cheklar bo‘yicha 1% qaytarish amaliyoti qo‘llanilmaydi;

· pul aylanmasi bo‘yicha ma'lumotlar kredit byurolariga uzatiladi va kredit berishda hisobga olinadi.

 

8. Istisnolar. Taksi, yetkazib berish va shunga o‘xshash agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatayotgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga raqamli platformalar, elektron hamyonlar va QR-kodlar bo‘yicha talablar tatbiq etilmaydi. Agar ushbu agregator platformalar soliq organlari bilan integratsiya qilingan bo‘lsa. 

 

9. Amalga oshirish chora-tadbirlari. Qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:

· «Elektron hukumat» tizimini raqamli platformalarga integratsiya qilish;

· soddalashtirilgan soliq hisobot shaklini ishlab chiqish;

· keng qamrovli tushuntirish ishlari va QR-kodlarni joriy etish;

· Savdo-sanoat palatasi va Kichik biznes uyushmasining ko‘magi.

 

Markaziy bank raqamli platformalar uchun elektron pul chiqarilishi va muomalaga chiqarilishini ta'minlashi shart. Bu jarayon shaxsiy ma'lumotlar himoyasi va banklarning emitent sifatida ishtirokini nazarda tutadi.

 

Dastur 2030 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Asosiy bosqichlar:

· 2025 yil noyabr – biometrik ro‘yxatdan o‘tishni ishga tushirish;

· 2025 yil dekabr – barcha platformalar va tizimlarning to‘liq integratsiyasi;

· 2026 yil yanvar – yangi soliq rejimi va majburiy QR-kodga o‘tish.

 

Dasturning maqsadi – YaTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ishtirokida oshkora, raqamlashtirilgan va samarali mikrotadbirkorlik tizimini yaratish, soliq intizomini oshirish, moliyaga kirish imkoniyatini kengaytirish va yuz minglab fuqarolar uchun biznes yuritishni osonlashtirish. 

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 13.08.2025 yildan kuchga kirdi.

Quyi Chirchiq tumani Adliya bo‘limi

YuXKM bosh yuristkonsulti                                           

U.Fayzullaev