Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

18

Xodimning mediatorga murojaat qilishining о‘zi da’vo muddatining tо‘xtashiga sabab bо‘lmaydi


Xodimning mediatorga murojaat qilishining о‘zi da’vo muddatining tо‘xtashiga sabab bо‘lmaydi

 

Mehnat kodeksining 560-moddasida ishga tiklash bо‘yicha sudga da’vo qilish muddati – mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqdan kо‘chirma berilgan kundan e’tiboran 3 oy, boshqa mehnat nizolari bо‘yicha xodim о‘z huquqlarini buzilganini bilgan yoki bilishi lozim bо‘lgan kundan 6 oydir. Ya’ni, bular xodimlar tomonidan ish beruvchiga nisbatan sudga da’vo berish bо‘yicha da’vo muddatidir.

MK 560-moddasining uchinchi qismida “yakka tartibdagi mehnat nizolarini kо‘rib chiqish bо‘yicha sudga murojaat etish muddatining о‘tishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida kо‘rib chiqish davrida tо‘xtatib turiladi” deyilgan. Shunda agar xodim va ish beruvchi о‘rtasidagi mehnat nizosini hal qilish mediatsiya tartibida kо‘rib chiqish davrida bо‘lsa, yuqoridagi da’vo muddatlari tо‘xtab turadi. Ya’ni, xodimda sudga murojaat qilish muddati chо‘ziladi.

“Mediatsiya tо‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasida “mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotganda da’vo muddatining о‘tishi tо‘xtatib turiladi” deyilgan. Ya’ni, da’vo muddati mediatsiyaning har qanday bosqichida emas, aynan mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilayotgan vaqtda tо‘xtab turadi. Endi, bu Qonunning 19-moddasidagi mana bu qoidaga e’tibor bering: “mediatsiya tartib-taomili mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tо‘g‘risida taraflar tomonidan kelishuv tuzilgan kundan e’tiboran boshlanadi”. Demak, taraflar, ya’ni xodim va ish beruvchi nizoni mediatsiya tartibida hal qilish va mediatsiya tartib-taomilini qо‘llash haqida ikki tomonlama kelishuv tuzganlaridan keyingina, mediatsiya tartib-taomili boshlangan bо‘ladi. Ungacha bunday tartib-taomil boshlanmagan bо‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, xodimning meditorga murojaat qilishining о‘zi nizoni mediatsiya tartibida kо‘rib chiqish davri boshlanganini bildirmaydi. Qachonki, xodim va ish beruvchi о‘rtasida nizoni mediatsiya tartibida kо‘rib chiqish bо‘yicha ikki tomonlama kelishuv tuzilsagina, mediatsiya tartibida kо‘rib chiqish davri boshlanadi va shundagina, da’vo muddatining о‘tishi tо‘xtab turadi. Ungacha, da’vo muddati tо‘xtamasdan, о‘taveradi va bu holat sud tomonidan muddatning о‘tishini uzrli sababi sifatida baholanmaydi.

 

Ohangaron shahar YXKM bosh yuriskonsulti                 

O.Raxmonov