Янгиликлар
O'zaro qonuniy nikohda bo'lgan xotin o'z erining telefonini ko'zdan kechirishi mumkinmi?
O'zaro qonuniy nikohda bo'lgan xotin o'z erining telefonini ko'zdan kechirishi mumkinmi?
Umuman olganda, erning telefonidagi so'zlashuvlar, shaxsiy yozishmalar, ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy profil ma'lumotlari - bu o'sha erning shaxsiy hayotini aks ettiruvchi ma'lumotlar hisoblanadi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 31-moddasida ham har kim shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy sirga ega bo'lish, yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga egaligi belgilanib qo'yilgan.
Shu holatda ba'zilar aytishi mumkin: "nikoh davrida erning sotib olgan telefoni bu uning shaxsiy mulki bo'lmaydi, Oila Kodeksi 23-moddasiga ko'ra bu telefon er va xotinning umumiy mol-mulki bo'lib, demak bu telefon xotinga ham tegishli hisoblanadi", deb.
Bu holatda bu telefonning shaxsiy yoki umumiy mulk ekanligiga emas, balki telefon ichidagi shaxsiy yozishmalar, shaxsiy hayotni aks ettiruvchi ma'lumotlarga e'tibor qaratish kerak bo'ladi.
Shu sababli ham garchi er-xotin o'zaro qonuniy nikohda bo'lishsa ham, ushbu nikoh - er-xotinning bir-biriga tegishli shaxsiy telefon yozishmalari, xabarlariga ruxsatsiz kirish uchun imtiyozni bermaydi.
Shuningdek, agar yuqoridagi ushbu qoida buzilib, telefondagi shaxsiy yozishma, xabarlar uning egasining roziligisiz yig'ilganda yoki tarqatilganda, MJTK 461-moddasiga muvofiq ma'muriy javobgarlikka tortishga sabab bo’lishi mumkin.
Ohangaron shahar YXKM bosh yuriskonsulti
B.Hamroyev