Янгиликлар
Ota-onalik huquqidan mahrum qilishga doir
Ota-onalik huquqidan mahrum qilishga doir
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish... Bir qarashda oddiy so‘zlar shodasidan iboratdek eshitilgan ushbu jumla shunchaki jumla bo‘lmay, yuridik oqibatlar olib keladigan so‘z, tushuncha, kategoriyadir. Darhaqiqat, har bir narsa (voqelik)da sabab va oqibat bo‘lgani singari nikoh orqali vujudga kelgan oila-huquqiy munosabatlarning samarasi, mazmuni va gultoji bo‘lgan – farzandlarga nisbatan, afsuski, ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari shunchaki axloqiy, maishiy, tor munosabat bo‘lmay, balki davlat va jamiyat ahamiyatiga molik masala ekanini his qilamiz. Shu ma’noda qonun chiqaruvchi ushbu munosabatni huquqiy makonga – oila qonunchiligiga ko‘chirdi. Aslida-ku, oila qonunchiligining vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha a’zolarining mas’ulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaxsning oila masalalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikdan, oila a’zolari o‘z huquqlarini to‘sqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta’minlashdan iborat. Garchi, O‘zbekiston Respublikasida oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida bo‘lsa-da, garchi O‘zbekiston Respublikasida onalik va otalik izzat-ikromga hamda hurmatga sazovor bo‘lsa-da, qanchalar og‘ir va og‘riqli, salbiy va nafratli bo‘lsa ham, tan olish kerak, “ota-onalik huquqidan mahrum qilish” munosabatlari ham oila huquqining, Oila kodeksining predmetidir. Zero, ushbu munosabatlar turmushimizda, hayotimizda uchrab turibdi. Qonunchilik bunday holatlar yuzasidan ham o‘z munosabatini “bildirmasa bo‘lmasdi”. Xullas, qonun ota-onalik huquqidan mahrum qilishning beshta holati va olti oqibatini normalaydi.
Oila kodeksining 75-moddasida “ota-onalik huquqini amalga oshirish”ni normalar ekan, qonun chiqaruvchi “ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emasligini, bolalar manfaatlarini ta’minlash ota-ona g‘amxo‘rligining asosini tashkil qilishi lozim”ligini nazarda tutadi. Binobarin, “ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan holi bo‘lishi kerak. O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi”. Aslida-ku, “ota-onalik huquqidan mahrum qilish”ni vujudga keltiruvchi hollarning har biri, jumladan:
ü ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashi;
ü uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortishi;
ü ota-onalik huquqini suiiste’mol qilishi, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lishi, jumladan jismoniy kuch ishlatishi yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatishi;
ü muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lishi;
ü o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lishi xalq tili bilan aytganda, la’natga sazovor.
Qonun, umumiy qoidaga ko‘ra, huquq sub’ektlariga bir paytning o‘zida huquq beradi, ayni paytda muayyan majburiyatlarni ham yuklaydi. Bu o‘rinda huquq sub’ektlari (oila-huquqiy munosabatlarda ota-onalar va farzandlar) bir-birlariga nisbatan o‘zaro huquqdor va burchdor sanaladi.
Xo‘sh, ota-onalik huquqidan mahrum qilishning qanday oqibatlari bor?
Shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxs (lar) bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Masalan, yangilangan Konstitutsiya (42-modda) va Mehnat kodeksining 392-moddasi (Homiladorligi yoki farzandlari borligi sababli ishga qabul qilishni rad etishni yoki ish haqi miqdorini kamaytirishni taqiqlash) mazmuniga ko‘ra, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
2. Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning navbatdagi oqibati – ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Zero, qonun bola manfaatlarini ustuvor sanaydi.
3. Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning navbatdagi oqibati – ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) bundan keyin bola bilan birgalikda yashash-yashamaslik masalasini sud tomonidan uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinishidir. Uy-joy kodeksining 32-moddasida belgilangan qoidaga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar.
4. Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning ota-onasi (ulardan biri) o‘ziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bolaning, agar u farzandlikka olingan bo‘lmasa, turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini saqlab qolishi, shuningdek ota (ona)si va boshqa qon-qarindoshlari bilan tug‘ishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qolishi bilan bog‘liq oqibati ham mustahkamlangan. Ta’kidlanganidek, qonun oila-huquqiy munosabatlarda bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ustuvor qo‘yadi. Unga ko‘ra, o‘ziga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bola turar joyga bo‘lgan mulk huquqini yoki undan foydalanish huquqini saqlab qoladi. Shuningdek, ota-onasi va boshqa qon-qarindoshlari (bobo-buvi, amaki-tog‘a, amma-xola va boshqalar) bilan tug‘ishganlik faktiga asoslangan barcha mulkiy huquqlarini, shu jumladan meros olish huquqini ham saqlab qoladi.
6. Ota-onalik huquqidan mahrum qilishning navbatdagi oqibati – ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda bolani farzandlikka olish mumkinligini nazarda tutadi. Albatta, bu o‘rinda bolaning boshqa shaxslar tomonidan farzandlikka olingan-olinmaganini unutmaslik lozim. Bolani farzandlikka olishga ota-ona (ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori chiqarilgan kundan keyin kamida olti oy o‘tgach yo‘l qo‘yiladi. Bu o‘rinda olti oy – qonun chiqaruvchi tomonidan oila-huquqiy munosabatlar doirasida oqilona muddat sifatida qaralmoqda.
So‘z ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqida ketar ekan, quyidagi xulosalarga kelamiz:
birinchidan, ota-onalik huquqidan mahrum qilish yuridik faktdir, u tufayli fuqarolik huquq va majburiyatlari yangidan vujudga keladi, o‘zgaradi yoki kimlargadir nisbatan bekor bo‘ladi;
ikkinchidan, oilaviy-huquqiy munosabatlarda axloq normalarini ham zinhor unutmaslik kerak. Zotan, oilaviy-huquqiy munosabatlarda mulkiy emas, shaxsiy, axloqiy jihatlar ustundir va nihoyat,
uchinchidan, qonun keyingi normalarda “ota-onalik huquqini tiklash”ni ham nazarda tutadi. Agar ota-ona (ulardan biri) o‘z xulq-atvorini, turmush tarzini yoki bola tarbiyasiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan hollarda ota-onalik huquqi sud tartibida tiklanishi mumkin.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23-moddasida normalanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi”.
Umida Xusanova
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi
FHDYo arxivi mudirasi