Янгиликлар
Korporativ kartadagi puldan ish haqi to‘lash mumkinmi?
Korporativ kartadagi puldan ish haqi to‘lash mumkinmi?
Har qanday korxonada xodimlarga ish haqi berish — doimiy va muhim jarayon. Ayrim hollarda yuridik shaxslar hisobidagi korporativ bank kartalarida mablag‘ bo‘ladi va ushbu pullardan foydalanib ish haqi to‘lash maqsadga muvofiqdek tuyuladi. Lekin bu amaliyot qanchalik qonuniy?
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021 yil 3 aprelda 3294-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan "O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risidagi nizom"ning 19-bandiga muvofiq, "Yuridik shaxslar tomonidan korporativ bank kartalariga ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya va dividend kabi to‘lovlarni o‘tkazishga hamda bunday kartalar orqali naqd pul olish yoki chet el valyutasini sotib olishga ruxsat berilmaydi".
Demak, korporativ karta orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish haqi to‘lash — taqiqlangan.
Biroq mazkur Nizomning 22-bandida boshqa imkoniyat nazarda tutilgan. Ya’ni, agar korporativ kartaning hisobida pul qolgan bo‘lsa, u mablag‘lar to‘lov topshiriqnomasi orqali korxonaning asosiy bank hisob raqamiga o‘tkazilishi mumkin.
Shundan so‘ng, ish haqi va boshqa qonuniy to‘lovlar asosiy hisob raqam orqali amalga oshirilishi zarur.
Masalan, “Nurloyiq” MChJda korporativ bank kartasida 15 million so‘m mablag‘ bor. Korxona rahbariyati ushbu puldan xodimlarga ish haqi to‘lashni istaydi. Qonunga ko‘ra, bevosita kartaning o‘zi orqali buni amalga oshirib bo‘lmaydi. Ammo mazkur mablag‘ni to‘lov topshiriqnomasi orqali asosiy hisob raqamiga o‘tkazsa va so‘ng ish haqini to‘lasa — bunda hech qanday qonunbuzarlik yo‘q.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya
bo‘limi YuXKM boshlig‘i
B.Mavlanov