Янгиликлар
Mehnat ta’tili vaqtida xodimni ishdan bo’shatib bo’lmaydimi?
Mehnat ta’tili vaqtida xodimni ishdan bo’shatib bo’lmaydimi?
Mehnat kodeksi 215-moddasiga ko‘ra, ushbu Kodeksning 213-moddasida nazarda tutilgan ta’tillarda bo‘lgan davrda xodimning ish o‘rni (lavozimi) saqlanib qoladi va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ta’til davrida xodimning ish o‘rnini (lavozimini) saqlab qolish va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar mehnat shartnomasi:
ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga muvofiq;
ish beruvchining tashabbusi bilan bog‘liq bo‘lmagan asoslarga ko‘ra bekor qilinganda qo‘llanilmaydi.
Demak, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini xodim ta’tilda bo‘lgan davrda umuman bekor qilish mumkin emas ekanda deb o‘ylamaslik kerak. Xodim ta’tilda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qarori bilan tugatilganligi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyatning tugatilganligi ya’ni MK 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga muvofiq hamda ish beruvchining tashabbusi bilan bog‘liq bo‘lmagan asoslarga ko‘ra, masalan, MK 132, 137, 143, 146, 156, 157, 158, 160, 168, 169-moddalar hamda MK va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan o‘zga asoslar bo‘yicha bekor qilish mumkin.
Masalan, xodim ta’tilda bo‘lgan davrida belgilangan tartibda ariza berishga va o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini ta’til tugagunga qadar MK 160-moddasiga ko‘ra bekor qilishga haklidir.
Muddati tugaganligi sababli muddatli mehnat shartnomasi 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor ayol bilan garchi xodim bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lsada, MK 158-moddasiga ko‘ra bekor qilinaveradi. Agar shartnoma 1 hafta ichida bekor qilinmasa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Agar ayol homilador bo‘lsagina, ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilgan taqdirda esa bunday ta’tilning oxiriga qadar uzaytirishi shart (MK 408-moddasiga qarang).
Qisqarishga tushgan xodim kamida 2 oylik ogohlantirish muddati ichida ta’tilga chiqdi. Ta’til davrida kamida 2 oylik ogohlantirish muddati o‘taveradi, chunki xodimni ogohlantirish muddatiga xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlari, shuningdek uning davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajargan vaqti (MK 282-moddasiga qarang) kiritilmaydi, bundan mehnatga oid munosabatlarning tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilganligi munosabati bilan tugatilishi mustasno (MK 165-moddasiga qarang).
Lekin bu holatda garchi ogohlantirish muddati tugagan bo‘lsada, xodim ta’tilda bo‘lganligi tufayli mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan ya’ni MK 161-moddasi 2-qismi 2-bandiga muvofiq bekor qilib bo‘lmaydi.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
YuXKM bosh yuristkonsulti
M.Ahmadov