Янгиликлар
Qayta tayyorlov – imkoniyatmi yoki "tamg‘a"?
Qayta tayyorlov – imkoniyatmi yoki "tamg‘a"?
Ko‘pchilik qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchilarga dars taqsimlashda adolatsizlikka yo‘l qo‘yiladi. Ha desa, “u qayta tayyorlovdan o‘tgan, mutaxassis emas” degan vajni keltirishadi.
Umuman olganda ularning gaplarida ma’lum ma’noda jon bor. 4 yil sohada o‘qigan mutaxassis qayerda-yu, 4 yoki 6 oy qayta tayyorlovdan o‘tgan qayoqda.
Biroq, qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchi yillar davomida o‘z ustida ishlab muayyan natijalarga erishsa, toifa olsa, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro yoki milliy sertifikat olsa, vaziyat mutlaqo teskariga o‘zgaradi.
Ma’lumki, Dars soatlari “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 3271) qoidalari asosida taqsimlanadi.
Bunda o‘qituvchilarga darslar ularning erishgan natijalarining ustuvor ketma-ketligi inobatga olingan holda tarifikatsiya asosida biriktiriladi. Nizomning 15-bandida mazkur natijalar ketma-ketligi qayd etilgan.
Mazkur ketma-ketlikda qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchi deyarli ohirgi pog‘onalardan birida qayd etilgan.
Nizomning 16-bandi qoidalarini inobatga olgan holda qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchida boshqa natija bo‘lmasa, unda toifali o‘qituvchilar va oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchi (mutaxassis)dan so‘ng dars olishi mumkin.
Agar qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchi oliy toifali bo‘lsa, unda u haqiqiy mutaxassis bo‘lgan 1-, 2-toifali o‘qituvchilardan hamda oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilardan oldinroq va ko‘proq dars olishga haqli.
Agar qayta tayyorlovdan o‘tgan o‘qituvchi 2-toifali, lekin o‘z yo‘nalishi bo‘yicha STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa, unda u oliy toifali o‘qituvchidan ham oldinroq va ko‘proq dars olishi mumkin bo‘ladi.
O`rta Chirchiq tumani adliya bo`limi,
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti A.Ibragimov