Янгиликлар
Rezident maqomiga erishgan kompaniyalar uchun qanday imtiyozlar mavjud?
Rezident maqomiga erishgan kompaniyalar uchun qanday imtiyozlar mavjud?
Axborot texnologiyalari sohasida IT-Park rezidenti degan iborani ko‘p uchratamiz. Xo‘sh, aslida rezident maqomiga kimlar erishadi va uning qanday afzalliklari mavjud?
Rezident qulay shartlarda faoliyat yuritishni xohlovchi IT kompaniyalar va IT o‘quv markazlariga beriladigan maxsus maqom hisoblanadi.
Ushbu maqomga ega bo‘lgan kompaniyalar uchun bir nechta imtiyozlar mavjud. Rezident maqomi barcha turdagi korporativ soliqlardan ozod qiladi. Xususan, norezidentlar korporativ soliqni 4-15 foiz miqdorida to‘laydi, rezidentlar esa undan ozod qilingan. Norezidentlar uchun ijtimoiy soliq 12 foiz, rezidentlar uchun 0 foizdir. Norezidentlar uchun daromad solig‘i 12 foiz, rezidentlar uchun esa 7,5 foiz. Norezidentlar uchun xizmatlar importi uchun QQS mavjud, rezidentlar uchun esa yo‘q.
Bugungi kunda yaratilgan mana shunday imkoniyatlardan foydalanib qolishni istovchi IT-Park rezidentlari soni ortib bormoqda. Joriy yilning fevral oyi oxirida rezident kompaniyalarning umumiy soni 1828 tani tashkil etdi.
Yangi rezidentlarning faoliyat samaradorligi hamisha reyting qilib turiladi. Natijalarga ko‘ra yangi rezidentlar orasida ta’lim kompaniyalari ustunlik qilmoqda. Bu esa IT sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bo‘lgan yuqori talabdan darak beradi. Keyingi o‘rinlardagi dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar O‘zbekistonda yuqori sifatli IT xizmatlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Yangi rezidentlar orasida dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi Amerika kapitali ishtirokidagi “Silkroad Software” kompaniyasini qayd etish mumkin.
“Voltiva” kompaniyasining IT-Park rezidentiga aylangani ham e’tiborga molik. Bundan tashqari, animatsiya mahsulotlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan “DIP Animation Studio” kompaniyasi IT-Park rezidentiga aylandi. Kompaniya “Milliy” telekanalida namoyish etiladigan “Pomidor do‘ppi” multfilmi muallifi hisoblanadi.
O`rta Chirchiq tumani adliya bo`limi,
Yuridik xizmat ko`rsatish markazi
bosh yuriskonsulti J.Bekturdiyev