Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Huquqiy muammolarga befarq bo‘lmaslik — adliya organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishi


Huquqiy muammolarga befarq bo‘lmaslik — adliya organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishi

 

Ma’lumki, adliya organlari o‘z vakolati doirasida aholi va tashkilotlar tomonidan huquqiy muammolar yuzasidan bildirilayotgan murojaatlarni o‘rganish, ularni amaldagi qonun hujjatlari asosida hal etishga ko‘maklashishda faol ishtirok etmoqda. Bu borada Chirchiq shahar adliya bo‘limi tomonidan hududdagi huquqiy muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shuningdek, joriy yilda Chirchiq shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va raqamlashtirish bo‘yicha metodisti A. Qambarov tomonidan yo‘llangan murojaat o‘rganib chiqildi.

Unda mutaxassis o‘z faoliyati davomida amalga oshirayotgan vazifalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi PQ–5349-son qaroriga muvofiq belgilangan ustama to‘lov olinmayotganligidan norozi ekanligi bayon qilingan.

Adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan mazkur murojaat atroflicha o‘rganildi. Tegishli qonunchilik hujjatlari tahlil qilindi.

Aniqlanishicha, Chirchiq shahar maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi tomonidan 2024/2025-o‘quv yili uchun fuqaro A. Qambarovga to‘lab berilishi lozim bo‘lgan jami 67.676.603 (oltmish yeti million olti yuz olti ming olti yuz uch) so‘m ustama pullari to‘lab berilmagan.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mazkur qarorga muvofiq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)ni joriy etish bo‘yicha metodist lavozimida ishlayotgan mutaxassislar belgilangan mezonlar asosida ustama to‘lov olish huquqiga ega. Bunda ishchi belgilangan shartlar asosida AKT sohasidagi faoliyatni amalga oshirsa va amaldagi tasdiqlangan hujjatlar asosida lavozimga tayinlangan bo‘lsa, unga ustama tayinlanishi lozim.

Shunga asosan, adliya bo‘limi tomonidan fuqaro A. Qambarovning manfaatida Chirchiq shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga nisbatan FIB Chirchiq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilib, tashkilot tomonidan fuqaro A. Qambarovga to‘lab berilishi lozim bo‘lgan jami 67.676.603 (oltmish yeti million olti yuz olti ming olti yuz uch) so‘m ustama pullari undirish yuzasidan sudning hal qiluv qarori qabul qilinishiga erishildi.

Xulosa qilib aytganda, adliya organlari tomonidan joylarda murojaatlarni o‘rganish va qonuniy yechim topish borasida amalga oshirilayotgan ishlar inson manfaatlariga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi. Fuqaro A. Qambarovning murojaati asosida yechim topilgan holat — buning yana bir isbotidir. O‘z navbatida, mazkur holat ta’lim tizimida faoliyat yurituvchi mutaxassislarning mehnatlari qonun doirasida munosib baholanishi, ularning moddiy rag‘batlantirilishi uchun qonun ustuvorligini ta’minlash qanchalik muhim ekanligini namoyon etdi.

 

Surobov Ramziddin

Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

Inson huquqlarini himoya qilish shuʼbasi bosh maslahatchisi