Янгиликлар
Metodistga qo'shimcha haq to'lanadimi
Metodistga qo'shimcha haq to'lanadimi
MK 259-moddasiga ko’ra, bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganda, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganda, ish hajmi ko‘payganda xodimning asosiy lavozimdagi ish haqiga quyidagilar uchun qo‘shimcha to‘lov belgilanadi va to‘lanadi:
budjetdan moliyalashtirilmaydigan tashkilot xodimlari uchun — bir necha kasbda (lavozimda) haqiqatda bajarilgan ishga doir ish haqi miqdorida;
budjet tashkilotlari xodimlari uchun — bir necha lavozimda ishlaganlik uchun tarif stavkasining (maoshining) ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vazifasi uning shtatdagi o‘rinbosari zimmasiga asosiy ishdan ozod etilmagan holda yuklatilganda qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilmaydi.
Lekin MK 116-moddasi 6-qismiga ko’ra, vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini asosiy ishdan ozod etilmagan holda bajarishni shtatdagi uning o‘rnini bosadigan, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka, mehnat shartnomasiga, mansab yo‘riqnomasiga muvofiq o‘z lavozim majburiyatlariga vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish kiradigan shaxs zimmasiga yuklatish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi, majburiyatlarni vaqtincha bajarish zimmasiga yuklatilayotgan xodimning biror-bir qo‘shimcha roziligini olishni talab etmaydi hamda qo‘shimcha ravishda haq to‘lanmaydi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qaroriga ilova “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom 25-bandiga ko’ra, budjet tashkilotlarida bir necha kasb va lavozimda ishlaganlik, xizmat ko‘rsatish zonasini kengaytirganlik, ishlar hajmini ko‘paytirganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lash miqdori bir necha kasb va lavozimda ishlanayotgan lavozim bo‘yicha maoshning (tarif stavkasining) 5️0 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan holatlar bundan mustasno) va budjet tashkilotlarining mehnatga haq to‘lash fondida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida to‘lanadi:
budjet tashkilotlarida bir necha kasbda va lavozimda ishlayotganlik uchun qo‘shimcha haq shunday kasb va lavozimdagi ish asosiy ish bo‘yicha mehnat majburiyatlariga kiritilgan hollarda belgilanmaydi.
Maktabgacha taʼlim agentligining 2023-yil 9-oktabrdagi 124-sonli buyrugʼi bilan tasdiqlangan “Maktabgacha taʼlim xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari” ga asosan MTT metodistlarining asosiy mehnat vazifalariga MTT direktori vaqtincha boʼlmaganda, uning vazifasini vaqtincha bajarish ham kiritilgan.
Bu vaziyat MK 116-moddasi 6-qismi va 297-sonli Nizomning yuqoridagi 25-bandning ikkinchi xatboshisiga toʼgʼri keladi yaʼni MTT direktori vaqtincha boʼlmaganda, vaqtincha bu vazifani bajarish metodistning asosiy majburiyatlariga kiritib qoʼyilgan.
Shunga koʼra, MTT direktori vazifasini vaqtincha bajargan metodistga qoʼshimcha haq toʼlanmaydi
Yangiyo’l tuman adliya bo’limi
YXKM bosh yuriskonsulti M.A.Nurnazarov