Янгиликлар
Ish haqidan qanday hollarda qancha miqdorda ushlab qolish mumkin?
Ish haqidan qanday hollarda qancha miqdorda ushlab qolish mumkin?
Mehnat kodeksining 269-moddasiga muvofiq, quyidagi hollarda xodimning yozma roziligidan qat’i nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi:
— soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun;
— sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun;
— xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zarar miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasa;
— xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun.
Har bir to‘lov chog‘ida ish haqidan ushlab qolingan mablag‘larning umumiy summasi xodimga haqiqatan hisoblangan ish haqining 50 foizidan oshmasligi kerak.
Biroq, bu norma aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolish holatlariga tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda ish haqidan ushlab qolish miqdori xodimga hisoblangan ish haqining 70 foizidan oshmasligi lozim.
Xodimning xohishiga ko‘ra, ish haqi yoki uning ma’lum bir qismi xodimning yozma arizasida ko‘rsatilgan miqdor va muddatlarda kreditorlarga, bank muassasalaridan olingan ssudalar, kreditlar, kommunal to‘lovlar va boshqa xarajatlarni to‘lash uchun yuborilishi mumkin.
Bo’stonliq tumani adliya bo’limi
YuXKM bosh yuriskonsulti B.Valiyev