Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Savol: Advokat maqomiga ega boʻlish tartibi qanday?


Savol: Advokat maqomiga ega boʻlish tartibi qanday?

 

 

Oʻzbekiston Respublikasining 27.12.1996-yildagi “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasiga ko‘ra, Litsenziya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi) tomonidan tegishli malaka komissiyalarining qarorlari asosida beriladi.

Advokat maqomiga ega boʻlishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) litsenziya olish uchun advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hayʼatida, yuridik maslahatxonada) kamida uch oy muddat stajirovka oʻtashi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart.

Davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik boʻyicha ish stajiga ega boʻlgan shaxs advokatlik tuzilmasida stajirovkadan oʻtmasdan malaka imtihonida ishtirok etishga haqli.

Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida olti oydan keyin qoʻyiladi.

Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun tegishli adliya organiga uch oy ichida murojaat qilishi kerak. Bu muddatni oʻtkazib yuborgan talabgor litsenziya olish uchun adliya organiga malaka imtihonini takroran topshirganidan keyingina murojaat qilishi mumkin.

Advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Belgilangan tartibda litsenziya olgan talabgor uch oy ichida advokat qasamyodini qabul qilishi va yakka tartibda yoki litsenziyaga ega boʻlgan boshqa shaxslar bilan birgalikda advokatlik tuzilmasini tuzishi yoxud faoliyat koʻrsatayotgan advokatlik tuzilmalaridan biriga kirishi shart.

Talabgorga advokatlik guvohnomasi advokatlik tuzilmasi roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki talabgorning faoliyat koʻrsatayotgan advokatlik tuzilmasiga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar adliya organi tomonidan olingan paytdan eʼtiboran ikki ish kuni ichida beriladi.

Talabgor advokatlik guvohnomasi berilgan kundan eʼtiboran advokat maqomini oladi, Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi adliya organi tomonidan bu haqda uch kunlik muddatda xabardor qilinadi. Shunday xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran advokat Advokatlar palatasining aʼzosi boʻladi.

Advokatlik guvohnomasining shakli va uni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 

Qibray tuman adliya bo‘limi

YXKM boshlig‘i                                                                 Avlaqulov Sobir