Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Mehnat kodeksida ta’tillar tushunchasi va ularning turlari haqida


Mehnat kodeksida ta’tillar tushunchasi va ularning turlari haqida

     Yangi Mehnat kodeksining 213-moddasida ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun ta’tillarning quyidagi turlari nazarda tutilgan:

har yilgi mehnat ta’tili;

ijtimoiy ta’tillar;

ish haqi qisman saqlanadigan ta’til;

ish haqi saqlanmaydigan ta’til.

Har yilgi mehnat ta’tili - dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir. Barcha xodimlar, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega.

Har yilgi mehnat ta’tilining turlari quyidagilardan iborat:

asosiy mehnat ta’tili (har yilgi asosiy eng kam yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan);

asosiy eng kam yoki asosiy uzaytirilgan ta’til bilan jamlab hisoblanadigan qo‘shimcha mehnat ta’tili.

Yangi Mehnat kodeksida ta’tillarga oid kiritilgan yangiliklardan biri - bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun beriladigan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tilidir. Ya’ni, endilikda xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun bo‘lgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan har yilgi qo‘shimcha mehnat ta’tili beriladi.

Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida xodimga ish haqi qisman saqlanadigan ta’til berish imkoniyati nazarda tutilishi va bunday ta’tilning kalendar yil davomidagi eng ko‘p davomiyligi belgilanishi mumkin. Xodimga ish haqi qisman saqlanadigan ta’til berish va uning davomiyligi to‘g‘risidagi masala har bir muayyan holda mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra hal etiladi. Xodimning unga bunday ta’til berilishiga roziligi ish beruvchiga yozma ariza berish orqali bildiriladi. Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida ish beruvchi xodimning iltimosiga ko‘ra unga ish haqi qisman saqlanadigan ta’til berishi shart bo‘lgan hollar nazarda tutilishi mumkin.

Ish haqi saqlanmaydigan ta’til deganda - xodimning ish o‘rni (lavozimi) saqlanib qolgan holda haq to‘lanmaydigan ta’til tushuniladi. Xodimning yozma arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmaydigan ta’til berilishi mumkin bo‘lib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin u ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda uch oydan oshmasligi kerak. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, karantin choralari amalga oshirilayotgan, favqulodda holat joriy etilgan davrda va butun aholining yoki uning bir qismining hayotiga yoxud normal yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa hollarda xodimning yozma arizasiga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta’tilning uzluksiz yoki jamlangan davomiyligi ko‘paytirilishi, biroq ko‘pi bilan olti oygacha ko‘paytirilishi mumkin.

O‘rtaChirchiq tumani Adliya bo‘limi

YUXKM bosh yuristkonsulti A.Ibragimov.