Янгиликлар
Sinov muddati davrida xodimning lavozim maoshini qisqartirish mumkinmi
Sinov muddati davrida xodimning lavozim maoshini qisqartirish mumkinmi
Mehnat kodeksining 131-moddasiga muvofiq dastlabki sinov davrida xodimga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning (jamoa shartnomasi, jamoa kelishuvi, ichki hujjatlar) amal qilishi to‘liq tatbiq etiladi. Shuning uchun sinov muddatida xodimlarga kamsituvchi mehnat shartlarini belgilash mumkin emas, xususan:
- ish haqini umuman to‘lamaslik yoki shtat jadvalida ushbu lavozim uchun belgilanganidan kam to‘lash;
- MKda belgilangan ish vaqtidan oshib ketish: normal yoki qisqartirilgan (masalan, nogironligi bo‘lgan xodim uchun);
- ish uchun kerakli asboblar, jihozlar, himoya vositalari va boshqalarni bermaslik.
Sinov muddatida ishga yangi qabul qilingan xodimning lavozim maoshi shtat jadvaliga muvofiq o‘xshash lavozimni egallagan hamda bir xil malakaga, bir xil funksionallikka va ish hajmiga ega bo‘lgan sinov muddatida bo‘lmagan xodimlarning ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas. Ish beruvchi xodimlarga teng qiymatdagi mehnat uchun teng haq to‘lashni ta’minlashi shart. Shuning uchun mehnat yoki jamoa shartnomasi, ichki hujjatlardagi har qanday shartlashuvlar sinov muddatida lavozim maoshini kamaytirish mehnat qonunchiligining buzilishi sifatida baholanadi MJTK 49-m.. Agar hatto xodimning o‘zi ish haqini kamaytirishga rozi bo‘lsa va ko‘rsatib o‘tilgan mehnat shartnomasini imzolagan bo‘lsa, masalan, «dastlabki sinov davrida xodimning ish haqi shtatda belgilangan haqning 60% miqdorida belgilanadi» – bu qonunbuzarlik dalilini bekor qilmaydi. Shartnomaning bunday bandi amaldagi qonunchilikka nisbatan xodimning ahvolini yomonlashtirgani uchun haqiqiy emas deb hisoblanadi. Ushbu qoidabuzarlik aniqlanganda ish beruvchi nafaqat yetishmayotgan summani to‘lashi, balki Mehnat kodeksining 333-moddasiga muvofiq har bir kechiktirilgan kun uchun foizlarni to‘lashi shart.
Sinov davrida qonuniy ravishda kamroq to‘lash mumkin, agar yangi kelgan xodimga to‘liqsiz ish vaqti belgilangan bo‘lsa, bunda mehnatga haq to‘lash ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda yoki haqiqiy ishlab chiqarishga qarab amalga oshiriladi MK 258-m. 3-q.. Albatta, agar xodim ham, ish beruvchi ham ushbu masala bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan va bunday shartni mehnat shartnomasiga kiritgan bo‘lsa.
YUXKM bosh yuristkonsulti A.Ibragimov.