Янгиликлар
Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlab turish muddati qancha?
Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlab turish muddati qancha?
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 226-moddasiga ko’ra, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) e’tiboran ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.
Ushlab turish muddati tugagunga qadar va asoslar mavjud bo‘lganda shaxs ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi, unga ayb e’lon qilinishi, ushbu Kodeksning 109 — 112-moddalaridagi qoidalar bo‘yicha so‘roq qilinishi va ushbu Kodeksning 236 — 240-moddalari qoidalariga amal qilgan holda ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinishi zarur.
Alohida hollarda, ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki garov tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilishi mumkin. Bunda gumon qilinuvchiga u ushlangan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ayblov e’lon qilinishi kerak. Aks holda ehtiyot chorasi bekor qilinadi va shaxs qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etiladi, garov esa garovga qo‘yuvchiga qaytariladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin va ushlab turishning butun muddati mobaynida ishni yuritish o‘ziga taalluqli bo‘lgan surishtiruvchi va tergovchi jinoyatni sodir etish holatlarini aniqlash, ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish uchun o‘z vakolatlari doirasida tergov harakatlari o‘tkazishi mumkin.
Parkent tuman adliya bo’limi,
yuridik xizmat ko’rsatish markazi A.U.Mahmudov
bosh yuristkonsulti