Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

12

Jamoaviy mehnat nizolarini hal qilishdan boʻyin tovlashning huquqiy oqibatlari


Jamoaviy mehnat nizolarini hal qilishdan boʻyin tovlashning huquqiy oqibatlari

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining (MK) asosiy tamoyillaridan biri — mehnat nizolarini hal qilishda ijtimoiy sheriklik va tomonlarning o‘zaro hamkorligi ustuvorligini ta’minlashdir. Bu jarayon avvalambor, sudga murojaat qilishdan oldin, yarashtiruv tartib-taomillari orqali hal etilishini nazarda tutadi. Biroq, taraflardan biri (ko‘pincha ish beruvchi) bu tartib-taomillarda ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, MK 579-moddasi keskin choralar va aniq oqibatlarni belgilaydi.

Moddaning birinchi qismiga ko‘ra, agar nizoning bir tarafi yarashtirish komissiyasini tuzish yoki uning ishida ishtirok etishdan boʻyin tovlasa, ikkinchi taraf keyingi ish kunidan (smenadan) kechiktirmay, nizoni mediator ishtirokida hal etish toʻgʻrisida muzokaralar oʻtkazishni talab qilishga haqli bo‘ladi. Bu, aslida, nizoni hal qilishning zanjirsimon mexanizmini faollashtiradi va komissiyadan keyingi bosqichga o‘tishni majburlaydi.

Xuddi shunday tartib mediator bosqichiga ham tegishli. Ya'ni, jamoaviy mehnat nizosining taraflaridan biri mediator ishtirokidagi muzokaralardan boʻyin tovlagan taqdirda, ikkinchi taraf tezkorlik bilan (keyingi ish kunidan kechiktirmay) nizoni mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) toʻgʻrisida muzokaralar oʻtkazishni talab qilishga haqli. Bu qoidalar tizimli ravishda harakat qilishga va tortishuvni tezda keyingi, yanada jiddiy hal qilish bosqichlariga o‘tkazishga undaydi.

Moddaning eng jiddiy qismi uning uchinchi bandida aks etgan. Agar ish beruvchi (yoki uning vakili) mehnat arbitrajini tuzishdan, arbitrajda ishtirok etishdan yoki nizoni unga oʻtkazishdan boʻyin tovlasa, bu holat qonuniy ravishda quyidagicha baholanadi: yarashtiruv tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizosini hal etishga (tartibga solishga) olib kelmagan deb hisoblanadi. Bu degani, ish beruvchining bu kabi noqonuniy harakati jamoaviy nizoni yechimsiz qoldirgan deb topiladi.

Bu normaning muhimligi shundaki, yarashtiruv tartib-taomillarining muvaffaqiyatsizligi, o‘z navbatida, xodimlarga o‘z huquqlarini himoya qilish uchun qonuniy choralar (masalan, ish tashlash huquqi yoki da’vo xususiyatiga ega nizo bo‘lsa, sudga murojaat qilish) qo‘llash imkoniyatini ochib beradi. Shu bois, MK 579-moddasi ish beruvchini jarayonda halollik va faollik bilan ishtirok etishga majburlab, ijtimoiy sheriklik tamoyilini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi

Bosh yuriskonsult: A.Kazimbayev