Янгиликлар
Xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi — mehnat huquqlarining barqaror kafolati
Xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi — mehnat huquqlarining barqaror kafolati
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 8-moddasi mehnat huquqi tizimida nihoyatda muhim prinsip — xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligini mustahkamlaydi. Ushbu tamoyil mehnat sohasida qonuniylik, adolat va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi hamda xodimlarni ish beruvchi tomonidan noqonuniy tarzda huquqlari cheklanishidan himoya qiladi.
Mazkur prinsipga ko‘ra, hech bir normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan tashkilotning ichki me’yoriy aktlari yoki ish beruvchining yakka tartibdagi qarorlari xodimning huquqiy holatini yomonlashtira olmaydi. Bunda “yomonlashtirish” deganda, xodimga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan qonunlarda berilgan huquq va kafolatlarning bekor qilinishi, qisqartirilishi yoki toraytirilishi tushuniladi.
Bu prinsip mehnat qonunchiligining ierarxik tizimida muhim o‘rin tutadi. Ya’ni, quyi darajadagi hujjatlar (masalan, idoraviy buyruqlar, ichki me’yorlar, jamoa shartnomalari) hech qachon yuqori darajadagi normativ hujjatlarga (Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, hukumat qarorlari) zid bo‘lishi mumkin emas. Aks holda, bunday hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotadi va amalda qo‘llanilmaydi.
Ushbu prinsip amaliy jihatdan xodimlar uchun muhim himoya vositasi hisoblanadi. U mehnat shartnomasida, jamoa kelishuvlarida yoki korxona nizomlarida xodimlar uchun qonunda ko‘zda tutilgan huquqlardan kamroq imtiyozlar belgilanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu tariqa, 8-modda ish beruvchining ixtiyoriy yoki subyektiv qarorlari xodim manfaati hisobiga qabul qilinishining oldini oladi.
Umuman olganda, mazkur prinsip mehnat huquqida barqarorlik, kafolat va ishonch muhitini yaratadi. U davlatning xodim manfaatlarini ustuvor qo‘ygan insonparvar siyosatini ifoda etadi va mehnat munosabatlarida qonun ustuvorligini mustahkamlaydi.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
YXKM rahbari SH.Ro‘ziyeva