Янгиликлар
Mehnat munosabatlarining asosiy subyektlari: xodim va ish beruvchining huquqiy maqomi
Mehnat munosabatlarining asosiy subyektlari: xodim va ish beruvchining huquqiy maqomi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 19-moddasi mehnat huquqi tizimida xodim va ish beruvchini mehnat munosabatlarining asosiy subyektlari sifatida belgilaydi. Bu norma mehnat munosabatlarining kimlar o‘rtasida yuzaga kelishini, ularning huquq va majburiyatlari qanday asosda shakllanishini aniqlab beradi.
Modda birinchi navbatda xodim tushunchasini huquqiy jihatdan aniqlaydi. Xodim — bu mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega bo‘lgan, Kodeksda belgilangan yoshga yetgan, mehnat shartnomasi tuzgan shaxsdir. Bunga O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham kiradi. Bu yondashuv mamlakat mehnat bozorida inklyuzivlik va teng huquqlilik prinsiplarini amalda ta’minlaydi.
Moddaning ikkinchi qismi ish beruvchi subyekti haqida. Ish beruvchilar — mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar, ularning filial va vakolatxonalari, shuningdek jismoniy shaxslar bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yakka tartibdagi tadbirkorlar va uy xizmatchilarini yollovchi jismoniy shaxslar uchun ish beruvchilik maqomini tan olishi — mehnat bozorida norasmiy bandlikni kamaytirish va fuqarolarning mehnat huquqlarini huquqiy himoya doirasiga kiritishning muhim mexanizmidir.
Shuningdek, modda mehnat munosabatlarida ikkilamchi (yordamchi) shaxslarning, masalan, ish beruvchi vakillarining yoki tashkilotning alohida tarkibiy bo‘linmalarining ishtirokini ham nazarda tutadi. Bu esa huquqiy munosabatlarning aniqligini ta’minlab, mehnat nizolarida javobgarlikni belgilashni yengillashtiradi.
Umuman olganda, 19-modda mehnat huquqi tizimida shaxslarning mehnatdagi subyektiv maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlab, xodim va ish beruvchining o‘zaro huquqiy maqomini aniq belgilaydi. U mehnat munosabatlarining barqaror, qonuniy va shaffof shaklda rivojlanishiga asos yaratadi.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti U.Bo‘riyev