Янгиликлар
Ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati
Ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati
Mehnat kodeksining 23-moddasi ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati tushunchasini aniqlaydi hamda ularning yuzaga kelish tartibini belgilaydi. Ushbu modda mehnat munosabatlarida ish beruvchi sub’ekt sifatida huquqiy maqomini belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Ish beruvchi tashkilotlarning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati ular davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan boshlab vujudga keladi. Bu qoida yuridik shaxslar uchun mehnat munosabatlarida qonuniy asosni ta’minlaydi. Shu bilan birga, tashkilotlarning alohida bo‘linmalari o‘z faoliyatini tartibga soluvchi nizomlar tasdiqlangan vaqtdan e’tiboran mehnatga oid huquq layoqatiga ega bo‘ladi. Bu, bo‘linmalarni ish beruvchi huquqlarini amalga oshirish va ichki tartibni belgilash nuqtai nazaridan mustaqil sub’ekt sifatida ko‘rsatadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritayotgan ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati esa u yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab yuzaga keladi. Bu holat individual tadbirkorlarning ishchi yollash va mehnat munosabatlarini tartibga solish imkoniyatlarini qonuniylashtiradi.
Uy xo‘jaligidagi ishlarni bajarish yoki tadbirkorlik bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa shaxsiy maqsadlarda yollanma mehnatdan foydalanayotgan jismoniy shaxs ish beruvchi sifatida mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqatini fuqarolik muomala layoqatiga to‘liq ega bo‘lgan paytdan boshlab amalga oshiradi. Shu bilan birga, yoshga to‘lmagan shaxsning mehnatga oid huquq layoqati u O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan hollarda 18 yoshga to‘lganidan boshlab yuzaga keladi.
Modda shuningdek ish beruvchining mehnatga oid huquq va majburiyatlarini amalga oshirish sub’ektlarini belgilaydi. Ular: tashkilotning mulkdori, boshqaruv organlari yoki ularning vakolatiga ega bo‘lgan boshqa shaxslar, shuningdek jismoniy shaxs ish beruvchi hisoblanadi.
Qonunlarda belgilangan hollarda yuridik shaxsning mol-mulk egasi yoki muassisi (ishtirokchisi) subsidiar javobgar bo‘lishi mumkin. Bu qoidalar mehnat huquqlarining himoyasini ta’minlash va ishchilar manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan. Shu tarzda, 23-modda ish beruvchining huquqiy maqomini aniqlash, mehnatga oid majburiyatlarini belgilash hamda mehnat munosabatlarida javobgarlikni tartibga soladi.
Yangiyo‘l shahar adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti U.Bo‘riyev