Янгиликлар
Sudlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish -adolat va shaffoflik sari dadil qadam
Sudlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish -adolat va shaffoflik sari dadil qadam
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolarga adolatli, tezkor va shaffof sud xizmatlarini ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda raqamli texnologiyalar, xususan, sunʼiy intellekt (SI) imkoniyatlarini sud amaliyotiga tatbiq etish masalasi tobora dolzarb tus olmoqda.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari sud faoliyatining turli bosqichlarida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Jumladan, u ish yuritish jarayonlarini avtomatlashtirish, hujjatlarni tahlil qilish, o‘xshash sud ishlarini aniqlash, hamda sud amaliyotini statistik tahlil qilish imkonini beradi. Natijada, sudyalarning ish yuklamasi kamayadi, qarorlar qabul qilishda aniqlik va xolislik ta’minlanadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan “Raqamli sud” loyihasi doirasida elektron hujjat aylanishi, onlayn ariza topshirish, masofaviy sud majlislarida ishtirok etish va sud qarorlarini elektron tarzda olish imkoniyatlari yaratilmoqda. Kelgusida bu tizim sunʼiy intellekt vositalari yordamida yanada takomillashtiriladi.
Mutaxassislarning fikricha, sud tizimida sunʼiy intellektni to‘laqonli joriy etish uchun bir qator omillar muhim hisoblanadi. Jumladan, yagona axborot bazasini shakllantirish, sud xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish, hamda axborot xavfsizligini ta’minlash kabi masalalar alohida e’tibor talab qiladi.
Sunʼiy intellekt inson o‘rnini to‘liq egallamasa-da, u sud tizimida adolat, tezkorlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘lida muhim yordamchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizda huquq ustuvorligi va fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yangiyo‘l tuman bosh yuristkonsulti. N.Norova