Янгиликлар
Afv etish tartibidan xabardormisiz?
Afv etish tartibidan xabardormisiz?
Falonchi afv etilibdi, eshitdingizmi? Pezident afv etish hujjatini chiqaribdi! Afv etildi, endi bu ishni qayta qilmasa kerak...Shu kabi gaplarni hayotimiz davomida eshitganmiz yoki OAVdagi yangiliklar orqali xabardor boʻlganmiz. Xoʻsh, “Afv etish” oʻzi nima? Uni amalga oshirish tartibi qanday? Quyida shu kabi savollarga javob berib oʻtamiz.
Afv etish nima?
Afv etish - mahkumni jazodan toʻliq yoki qisman ozod etadigan yoki sud tomonidan tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradigan yoxud sudlanganlikni olib tashlaydigan insonparvarlik akti hisoblanadi. Afv etish muayyan mahkumga nisbatan individual tartibda amalga oshiriladi hamda uni oqlaydigan va u tomonidan jinoyat sodir etganlik faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi.
Huquqiy asoslari bormi?
Eng asosiy qonunimiz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasida: Prezidentga Oʻzbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etish vakolati berilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF-5439-son Farmoni bilan “ Oʻzbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan. Ushbu Nizom afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni taqdim etish, rasmiylashtirish va koʻrib chiqish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari boʻyicha komissiya (Komissiya) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Kim tomonidan amalga oshiriladi?
Afv etish Prezident tomonidan Farmon qabul qilish orqali amalga oshiriladi. Prezident oʻz ixtiyoriga koʻra istalgan mahkumni yoki jazoni oʻtab boʻlgan shaxsni afv etishi mumkin.
Kimlarga nisbatan qoʻllaniladi?
Afv etish Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
Qanday shakllarda amalga oshiriladi?
Afv etish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
asosiy va ijro etilmagan qoʻshimcha jazodan toʻliq yoki qisman ozod qilish;
jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish;
umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini yoki jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish;
sudlanganlikni olib tashlash.
Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni qaysi organ koʻrib chiqadi?
Iltimosnomalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organi hisoblangan Komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalarining fuqarolik va afv etish shuʼbasi (Shuʼba) Komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
Iltimosnomalarni taqdim etish tartibiqanday?
Iltimosnoma mahkum yoki jazoni oʻtab boʻlgan shaxs, shuningdek, qonun hujjatlari bilan afv etish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish huquqi berilgan shaxs (organ)lar tomonidan Prezident nomiga yozma shaklda beriladi.
Agar iltimosnoma qonun hujjatlari bilan afv etish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish huquqi berilgan shaxs (organ) tomonidan berilgan boʻlsa, mahkumning yozma roziligi olinishi shart.
Iltimosnoma Shuʼbaga:
- jazoni ijro etish muassasasining maʼmuriyati yoki hukmni ijro etuvchi boshqa organ;
- sudlanganlikni olib tashlash boʻyicha afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma berilgan hollarda mustaqil ravishda yuboriladi.
Shuʼba oʻrganish natijalari boʻyicha afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma kelib tushgan kundan boshlab 10 kun davomida:
- iltimosnomani belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun qabul qiladi;
- agar hujjatlarni berishda yoki rasmiylashtirishda ushbu Nizom talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, iltimosnomani koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etadi va iltimosnomani u kelgan organga yoxud uni yuborgan shaxsga qaytaradi. Bunda afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgandan keyin, u qaytarilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan takroran taqdim etilishi mumkin.
Iltimosnoma va tayyorlangan tegishli materiallar Shuʼba tomonidan Komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Iltimosnomani koʻrib chiqish tartibi qanday?
Iltimosnomani Komissiya tomonidan koʻrib chiqish muddati iltimosnoma kelib tushgan kundan boshlab 3 oydan oshmasligi lozim.
Iltimosnomani koʻrib chiqishdanimalar eʼtiborga olinadi?
- sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi;
- jazoni oʻtash yoki ijro etish vaqtida mahkumning xulq-atvori (tuzalishi);
- oʻtalgan (ijro etilgan) jazo muddati (hajmi);
- mahkumga nisbatan muqaddam amnistiya akti, afv etish qoʻllanilganligi yoki jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilganligi, jazoning yengilroq jazo bilan almashtirilganligi;
- jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning qoplanganligi;
- mahkumning shaxsi, sogʻligʻi holati, sudlanganligi, oilaviy ahvoli va yoshi;
- Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmatining xulosalari;
- Komissiya iltimosnomani koʻrib chiqish uchun muhim deb hisoblagan boshqa holatlar.
Iltimosnoma ijobiy koʻrib chiqilganda, Komissiya Prezidentga taklif kiritadi. Rad etilganda, Shuʼba bu haqda 1 kun davomida iltimosnoma bergan shaxsni xabardor qilish uchun iltimosnoma kelib tushgan organga yoki iltimosnomani mustaqil ravishda yuborgan shaxsga xabar beradi.
Iltimosnomasiz ham afv etishni amalga oshirish mumkinmi?
Prezident mahkumning yoki jazoni oʻtab boʻlgan shaxsning afv etishni soʻrab yozgan iltimosnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar oʻz tashabbusi bilan istalgan mahkumni yoki jazoni oʻtab boʻlgan shaxsni afv etishi mumkin.
Bo’stonliq tuman adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti B.I.Valiyev