Янгиликлар
Xorijiy taʼlim muassasi diplomlarini tan olish
Xorijiy taʼlim muassasi diplomlarini tan olish
Qonunchilikka koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʼlim olish va (yoki) kasbiy faoliyat yuritish uchun ruxsat berish maqsadida vakolatli davlat organlari tomonidan xorijiy davlatlarda olingan taʼlim malakasini rasman tasdiqlash orqali xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar tan olinadi.
Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatli davlat organlariga qilingan murojaatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) amalga oshiriladi:
— xorijiy davlatlarda umumiy oʻrta, oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish taʼlimi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlari;
— Oʻzbekiston Respublikasi hududida alohida boʻlinmalari (filiallari) va qoʻshma taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
— roʻyxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 oʻrinni egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
— tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining yoʻllanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
— 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
— Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) toʻlaqonli aʼzolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yoʻnalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
— Amerika Qoʻshma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yoʻnalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
— xorijiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobiga taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
— Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar.
Boshqa hollarda, ekspert komissiyalari tomonidan ijobiy xulosa berilgan xorijiy davlatlarda oliy taʼlim va kadrlarni qayta tayyorlash taʼlimi olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlari tan olish uchun topshirilgan talabgorlar uchun test sinovlari tashkil etiladi.
Bo’stonliq tuman adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti B.I.Valiyev