Янгиликлар
Maʼmuriy qamoq jazosini oʻtash tartibi qanday?
Maʼmuriy qamoq jazosini oʻtash tartibi qanday?
Maʼlumki, 2017-yil 29-martda Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilingan. Unga muvofiq, jinoiy jazo tizimiga “majburiy jamoat ishlari” joriy etilib, “qamoq” tariqasidagi jinoiy jazo turi bekor qilingan.
Biroq, jinoyat qonunchiligimizda “qamoq” jazosi bekor qilingani bilan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun “qamoq” jazosi qonunchiligimizda saqlanib qolingan.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 23-moddasida maʼmuriy jazo turlarida“maʼmuriy qamoqqa olish”jazosi ham mavjud boʻlib, mazkur Kodeksning29-moddasiga binoan, maʼmuriy qamoqqa olish uch sutkadan oʻn besh sutkagacha muddatga, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun — oʻttiz sutkagacha muddatga qoʻllanilishi, shuningdek maʼmuriy qamoqqa olish jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi tomonidan, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan belgilanishi koʻrsatib oʻtilgan.
Kimlarga nisbatan “maʼmuriy qamoqqa olish” jazosi qoʻllanilishi mumkin emas?
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 29-moddasiga asosan, quyidagilarga “maʼmuriy qamoqqa olish” jazosi qoʻllanilmaydi:
— homilador ayollarga;
— uch yoshgacha bolasi boʻlgan ayollarga;
— oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolasini yakka oʻzi tarbiyalayotgan shaxslarga;
— oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga;
— birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga.
Maʼmuriy qamoq jazosini oʻtash tartibi qanday?
Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalarda saqlanadi va umumiy kameralarga yoki bir kishilik kameralarga joylashtiriladi. Kameralarda bir kishiga toʻgʻri keladigan maydonning normasi kamida 2,5 kvadrat metr, ayollar uchun esa kamida 3 kvadrat metrnitashkil etadi.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, koʻrpa-toʻshak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar oʻzining kiyim-boshi, poyabzali va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanadi. Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi taʼminlanadi.
Qamoqqa olingan shaxsga jismoniy kuch va maxsus vositalar (tinchlantirish koʻylaklari, rezina tayoqlar, qoʻlkishanlar yoki boshqa bogʻlash vositalari, koʻzdan yosh oqizuvchi moddalar, chalgʻitma taʼsir koʻrsatuvchi nur-tovush moslamalari, xonalarni ochish moslamalari) qoʻllanilishi mumkin. Biroq bunday choralar faqatgina maxsus qabulxona xodimlariga, maʼmuriy qamoqqa olingan boshqa shaxslarga va oʻzga shaxslarga hujumini daf etishda, ommaviy tartibsizliklarga, jamoat tartibini guruh boʻlib buzishlarga barham berishda, maxsus qabulxona xodimlariga ashaddiy tarzda boʻysunmayotgan yoki qarshilik koʻrsatayotgan huquqbuzarlarni ushlashda, maxsus qabulxonadan qochgan maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni ushlashda, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonadan qochishining oldini olish uchun qoʻriqlab turishda qoʻllanilishi mumkin.
Qamoqqa olinganlar yozma roziligi bilan haq toʻlanadigan mehnatga jalb qilinishlari mumkin. Ular mehnatiga haq toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan – Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam boʻlmasligi lozim. Maxsus qabulxona xonalaridagi sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, shuningdek ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan yumushlar haq toʻlanmaydigan ishlar hisoblanadi. Bunday ishlar davomiyligi sutkasigaikki soatdan koʻp boʻlmasligiva jismoniy ishlarga oʻz roziligiga koʻra amalga oshirilishi lozim.
Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslardan jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi sudyasining, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshligʻining qaroriga koʻra, maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq xarajatlarsutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdoridaundiriladi. Ayrim hollarda muayyan holatlar, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsning moddiy ahvoli va shaxsi hisobga olingan holda u maxsus qabulxonada saqlash bilan bogʻliq xarajatlar undirilishidan sudning qaroriga asosan ozod qilinishi mumkin.
Bo’stonliq tuman adliya bo‘limi
YXKM bosh yuriskonsulti B.I.Valiyev