Янгиликлар
Fuqarolarning notarial xizmatlardan foydalanishida qulayliklar yaratilmoqda.
Fuqarolarning notarial xizmatlardan foydalanishida qulayliklar yaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-sonli qaroriga asosan 2026-yil 1-apreldan notariuslar faoliyatiga quyidagilarni joriy etilishi belgilandi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasida notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasini oltmish besh yoshdan yetmish yoshga oshirish.
Bunda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oliy malaka komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra notarius oʻz roziligi bilan ish faoliyatini yetmish yoshgacha amalga oshirishi mumkin;
(b) davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihoni oʻrniga axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda quyidagi ikki bosqichdan iborat boʻlgan yagona tanlov tartibini joriy etish:
(i) birinchi bosqichda talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari boʻyicha test sinovlaridan oʻtadi. Bunda test sinovlari axborot texnologiyalaridan foydalangan holda Adliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etiladi;
(ii) ikkinchi bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar Oliy malaka komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan amaliy imtihonda notarial harakatlarning loyihalarini maxsus elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi;
(v) mazkur bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan yagona tanlovda ishtirok etishga faqat Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil etiladigan kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga ruxsat berish;
(g) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius oʻz kasbiy faoliyatini uzrli sabablarga koʻra bajara olmagan taqdirda, uning arizasiga asosan litsenziyasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish;
(d) xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatishdan tashqari ogohlantirish va jarima koʻrinishidagi muqobil taʼsir choralarini qoʻllash mexanizmini joriy etish;
(j) notarial harakatlarni rasmiylashtirishda foydalaniladigan gerbli (maxsus) blankalarni unifikatsiya qilish orqali yagona shakldagi gerbli (maxsus) blankani joriy etish. Bunda:
(i) notarial harakatlarni maxsus gerbli blankada rasmiylashtirish taraflarning xohishiga koʻra amalga oshirilishi mumkin;
(ii) videokonferensaloqa rejimida amalga oshirilgan notarial harakatlar gerbli (maxsus) blankalarda rasmiylashtirilishi talab etilmaydi;
(z) notarial rasmiylashtirilgan barcha hujjatlarni notariusning imzosi, muhri va/yoki QR kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlash.
Aliyev Jahongir
Notariat, advokatura va mediatsiya
sho‘basi boshlig‘i