Янгиликлар
Xodimni boshqa ishga oʻtkazish tartibi qanday?
Xodimni boshqa ishga oʻtkazish tartibi qanday?
Xodim aynan oʻsha ish beruvchida ishni davom ettirganda uning mehnat vazifalarini oʻzgartirish xodimni boshqa ishga oʻtkazish hisoblanadi.
Xodim uchun sogʻligʻining holatiga koʻra tibbiy xulosa bilan tasdiqlangan qarshi koʻrsatmalar boʻlganda xodimni boshqa ishga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xodim boshqa ishga oʻtkazilayotganda u oʻzi bajarish uchun oʻtkazilgan ishga kirishishi kerak boʻlgan sana belgilanishi kerak.
Xodimni boshqa ishga oʻtkazish qaysi muddatga amalga oshirilayotganligiga qarab boshqa ishga oʻtkazish turlari doimiy va vaqtinchaga ajratiladi.
Agar xodimni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish yuz bergan boʻlsa, bunday oʻtkazish muddati belgilanishi kerak.
Xodimni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish muddati quyidagilar vositasida belgilanishi mumkin:
— vaqtincha oʻtkazishning umumiy davomiyligini kunlar, oylar, yillar bilan koʻrsatish;
— qaysi ishga oʻtkazish amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha ishni bajarish boshlanadigan kalendar sanani va oʻtkazish muddati tugaydigan kalendar sanani koʻrsatish;
— boshqa ishga oʻtish muddati qaysi hodisaning yuz berishi bilan tugaydigan boʻlsa, oʻsha hodisani aniqlash (vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning ishga chiqishi va boshqalar).
Xodimni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan avvalgi ishini berishi shart.
Xodimni boshqa ishga doimiy oʻtkazishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Xodimni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish uning roziligi bilan amalga oshiriladi. Ish beruvchi xodimning boshqa ishga oʻtkazishga roziligi olinguniga qadar xodim oʻzi oʻtkazilayotgan ishning mazmuni, ushbu ishdagi mehnat shartlari, shuningdek mazkur ishni bajarish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ichki hujjatlar bilan oldindan tanishtirilishi shart.
Xodim ish beruvchidan boshqa ishga oʻtkazishni talab qilishga haqli emas.
Bo‘stonliq tumani adliya bo‘limi YXKM bosh yuriskonsulti A.Rajabov