Янгиликлар
Ish beruvchining xodimga yetkazilgan ziyon uchun moddiy javobgarligi
Ish beruvchining xodimga yetkazilgan ziyon uchun moddiy javobgarligi
Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart:
xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum qilinganda;
xodimning hayoti yoki sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda;
xodimga ish haqi to‘lash va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlar kechiktirilganda;
xodimning mol-mulkiga ziyon yetkazilganda.
Agar ish beruvchining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) bilan xodimga jismoniy yoki ma’naviy azob yetkazilgan bo‘lsa, xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishi lozim.
Ish beruvchi xodimni mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etishning barcha hollarida u olmagan ish haqining o‘rnini unga qoplashi shart. Agar ish haqi quyidagilar natijasida olinmagan bo‘lsa, shunday majburiyat yuzaga keladi:
ishga qabul qilish g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi;
xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi;
xodim ishdan g‘ayriqonuniy ravishda chetlashtirilganligi;
xodim bilan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi;
xodimga mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasi ko‘chirmasi berilishi ish beruvchi tomonidan kechiktirilganligi;
mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha organning xodimni avvalgi ishiga tiklash to‘g‘risidagi qarorini o‘z vaqtida bajarmaganligi;
xodimning boshqa ishga kirishiga to‘sqinlik qiladigan, uning sha’niga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlar har qanday usul bilan tarqatilganligi;
qonunlar hamda jamoa kelishuvlarida va (yoki) jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollar.
Ish beruvchi xodimning mehnatda mayib bo‘lishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart.
Ish beruvchi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham mehnat vazifalarini bajarishda, shuningdek ish beruvchi tomonidan berilgan transportda ish joyiga borish yoki ishdan qaytish vaqtida mehnatda mayib bo‘lishi tufayli xodimning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyon uchun moddiy javobgar bo‘ladi.
Ish beruvchi, agar ziyon uning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlab berolmasa, mehnatda mayib bo‘lish va (yoki) kasb kasalligi tufayli xodimga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart.
O‘z mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida yuqori xavf manbaidan xodimning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini ish beruvchi, agar ziyon uni bartaraf etish mumkin bo‘lmagan kuchlar tufayli yoki jabrlanuvchi qasddan qilganligi oqibatida kelib chiqqanligini isbotlab berolmasa, qoplashi shart.
Xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
xodimga bir martalik nafaqa to‘lash;
xodimga yo‘qotilgan ish haqi uchun yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash tarzida amalga oshiriladigan har oylik to‘lovlar;
xodimning qo‘shimcha xarajatlarini kompensatsiya qilish.
Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.
Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar miqdori jabrlanuvchi mehnatda mayib bo‘lguniga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan uning kasbiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi darajasiga muvofiq bo‘lgan foizli nisbatda belgilanadi.
Kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Ziyonning o‘rnini qoplashga oid to‘lovni tayinlashda jabrlanuvchi oladigan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib bo‘lgan jabrlanganlarga — nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash summasi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ellik foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi uchun javobgar bo‘lgan ish beruvchi ushbu Mehnat Kodeksning 323-moddasida va 324-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan to‘lovlardan tashqari jabrlanuvchiga mehnatda mayib bo‘lganlik yoki kasb kasalligi tufayli kelib chiqqan qo‘shimcha xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart. Davolanish, protezlash, qo‘shimcha ovqatlanish, dori vositalarini sotib olish, sanatoriy-kurortda davolanish xarajatlari, shu jumladan jabrlanuvchining, zarur hollarda esa uni kuzatib boruvchi shaxsning ham davolanish joyiga borish va qaytish yo‘lkirasi haqini to‘lash, o‘zgalarning parvarishi, maxsus transport vositalarini sotib olish va boshqa turdagi yordam uchun xarajatlar, agar u tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan ushbu turdagi yordamga muhtoj deb topilsa hamda ularni tegishli tashkilotlardan bepul olish huquqiga ega bo‘lmasa, shuningdek jabrlanuvchi va ish beruvchi o‘rtasida ziyonning o‘rnini qoplash bo‘yicha nizo yuzaga kelgan taqdirda hamda nizo jabrlanuvchining foydasiga hal bo‘lgan taqdirda ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun advokatga haq to‘lash xarajatlarining o‘rni qoplanishi lozim.
Dorilarni sotib olish xarajatlari davolovchi shifokor yozib bergan belgilangan shakldagi retsept va sotib olingan dorilar ko‘rsatilgan holdagi to‘lov cheki taqdim etilganidan keyin ish beruvchi tomonidan to‘lanadi.
I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining uy sharoitida parvarishlash zarurati to‘g‘risidagi xulosasi talab etilmaydi (bundan ular maxsus tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan hollar mustasno).
Ushbu moddada ko‘rsatilgan bir necha yordam turiga muhtoj bo‘lgan jabrlanuvchiga har bir yordam urini olish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni qoplanadi.
Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi.