Янгиликлар
Turar joylarning turlari
Turar joylarning turlari
Qonunchilikga ko‘ra, turar joylarga quyidagilar kiradi:
uylar;
koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar;
boshqa imoratlardagi yashash uchun moʻljallangan xonalar va oʻzga turar joylar.
Turar joyga boʻlgan mulk huquqi
Turar joy xususiy yoki davlat mulki boʻlishi va qonunchilikda belgilangan tartibda mulkchilikning bir shaklidan boshqa shakliga oʻtishi mumkin.
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat turar joyga boʻlgan mulk huquqining subʼektlaridir.
Turar joyga boʻlgan mulk huquqi muddatsiz boʻlib, fuqarolar va yuridik shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmagan holda shaxsning oʻziga tegishli turar joyga oʻz xohishi va manfaatlariga koʻra egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek oʻzining mulk huquqi buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Turar joylarning tashqi koʻrinishini oʻzgartirish, ularni qayta qurish yoki buzish shaharsozlik toʻgʼrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Uylar, kvartiralar, uyning bir qismi, kvartiraning bir qismiga (bundan buyon matnda uylar, kvartiralar deb yuritiladi) boʻlgan xususiy mulk miqdor, oʻlcham va qiymat jihatdan cheklanmaydi.
Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi.
Turar joy faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda sudning qaroriga asosan majburiy tarzda olib qoʻyilishi mumkin.
Angren shahar yuridik markazi
bosh yuristkonsulti: S.Siradjiddinova