Янгиликлар
Ish haqi saqlanmaydigan ta’tildan oldin ishga qaytish mumkinmi?
Ish haqi saqlanmaydigan ta’tildan oldin ishga qaytish mumkinmi?
Amalda ko‘pchilik ishchilar oilaviy yoki shaxsiy sabablarga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta’til oladi. Biroq ba’zan vaziyat o‘zgarib, xodim ta’til muddati tugamasidan ishga qaytishni xohlashi mumkin. Bu holda qonun nima deydi?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 241-moddasida aytilishicha, ish beruvchi xodimning yozma iltimosnomasi asosida ish haqi saqlanmaydigan ta’til berishi mumkin. Bu ta’tilning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv bilan belgilanadi va kalendar yil davomida jami uch oydan oshmasligi lozim.
Demak, qonunga ko‘ra, ish haqi saqlanmaydigan ta’til ham ikki tomonning kelishuvi bilan beriladi va agar xodim ta’til muddati tugamasidan ishga qaytishni istasa, bu ham faqat ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Agar xodim ishga qayta olish haqida yozma ariza bersa va ish beruvchi rozilik bildirsa, xodim belgilangan muddatdan oldin ishga chiqishi mumkin. Bu holda ish beruvchi yangi buyruq chiqaradi va xodim rasman ish faoliyatini tiklaydi.
Biroq agar ish beruvchi rozi bo‘lmasa, xodim ta’tilning avval belgilangan sanasi tugaguncha ishga chiqolmaydi va ushbu davrda ish haqi ham hisoblanmaydi.
Masalan, xodim 11 noyabrdan 29 yanvargacha ish haqi saqlanmaydigan ta’tilga chiqqan bo‘lsa, ammo 16 noyabrdan ishga qaytishni xohlasa, u ish beruvchiga ariza yozishi kerak. Ish beruvchi rozilik bersa — 16 noyabrdan ishni boshlaydi, aks holda — ta’til belgilangan muddat tugaguncha davom etadi.
Shu tariqa, ta’tildan oldin ishga qaytish faqat ish beruvchi roziligi bilan amalga oshiriladi va bu holat tegishli ariza hamda buyruq orqali rasmiylashtirilishi shart.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i B.B.Mavlanov