Янгиликлар
Doktoranturaga kirsa, u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?
Doktoranturaga kirsa, u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-sonli qarorida tayanch doktorantura "ishlab chiqarishdan ajralgan holda"gi ta’lim shakli sifatida belgilangan. Ko‘pchilik ushbu jumlani "doktorant hech qaerda ishlamasligi kerak" deb noto‘g‘ri talqin qiladi.
Mehnat kodeksining 161-moddasida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asoslarining to‘liq ro‘yxati keltirilgan. Ular orasida "xodimning doktoranturaga o‘qishga kirishi" degan asos mavjud emas.
Bunda xodimni ishdan bo‘shatish emas, balki u bilan kelishilgan holda mehnat shartlarini o‘zgartirish lozim. Mehnat kodeksining 186-moddasiga ko‘ra, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan to‘liqsiz ish vaqti, ya’ni to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liqsiz ish haftasi belgilanishi mumkin.
Ya’ni, ish beruvchi xodim bilan qo‘shimcha kelishuv tuzib, uning ish stavkasini 0.5, 0.25 yoki boshqa miqdorga o‘tkazishi mumkin. Bunda xodimning mehnat staji saqlanib qoladi.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi 297-sonli qaroriga binoan, o‘rindoshlik bu xodimning asosiy ishidan bo‘sh vaqtida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishidir. Ta’lim olish jarayoni esa "mehnat faoliyati" yoki "asosiy ish" deb e’tirof etilmaydi.
Buning eng aniq isboti 304-sonli qarorning o‘zida keltirilgan. Unga ko‘ra, doktorant o‘qishga kirishda ta’lim muassasasiga mehnat daftarchasining aslini emas, balki uning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasini taqdim etadi. Mehnat daftarchasining asli esa doimo xodimning asosiy ish joyida saqlanishi shart.
Bundan tashqari, 304-sonli qarorning 2-ilovasi 28-bandida doktorantlar tasdiqlangan yakka tartibdagi rejadan bo‘sh vaqtida o‘zi tadqiqot olib borayotgan ilmiy tashkilotda yoki boshqa istalgan tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlashga haqli ekanliklari aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i B.B.Mavlanov