Янгиликлар
Eski yildan qolib ketgan ta’tilni keyingi yilda olish mumkinmi?
Eski yildan qolib ketgan ta’tilni keyingi yilda olish mumkinmi?
Amaldagi Mehnat kodeksida har bir kalendar ish yili uchun xodimga yil davomida bir marta navbatli mehnat ta’tili berilishi shartligi belgilangan. Mehnat kodeksning 230-moddasida ta’kidlanishicha, bir yillik ish davri uchun belgilangan ta’tilni kelgusi yillarga ko‘chirib, ayni nom bilan berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, 2025 yilda xodimga ta’til rasmiylashtirilayotganda buyruqda “2022 yil uchun” yoki “2023 yil uchun” deb yozish qonunga zid hisoblanadi. Bu holatda buyruqda oddiygina qilib “2025 yilgi navbatli mehnat ta’tili berilsin” deb rasmiylashtirish to‘g‘ri bo‘ladi.
Amaliyotda ba’zi ish beruvchilar, oldingi yillarda berilmagan ta’tilni keyingi yilda qoplab berish maqsadida har yili ortiqcha qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yadilar. Masalan, 2022 yilda berilmagan ta’tilni 2023 yilda, 2023 yildagisini 2024 yilda, shundan keyin 2024 yildagisini 2025 yilda berish orqali bir necha yil ketma-ket qoidalar buziladi. Bu esa mehnat inspeksiyasi uchun asos bo‘lib, ish beruvchiga ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, qonun buzilgan sana ortidan bir yil o‘tganidan keyin ma’muriy javobgarlik muddati o‘tadi. Ya’ni, agar 2025 yilda xodimga shu yil uchun ta’til berilayotgan bo‘lsa, 2022 yildagi berilmagan ta’til uchun ish beruvchiga jarima solinmaydi, chunki ma’muriy jazo qo‘llash muddati o‘tgan bo‘ladi.
Shuni unutmaslik kerakki, belgilangan muddatda foydalanilmagan ta’til “yo‘qolib ketadi”, xalq tilida aytganda — “kuyadi”, va undan keyingi yillarda foydalanish huquqi saqlanmaydi. Biroq, mehnat shartnomasi tugatilganda xodimning oldingi yillarda foydalanmagan ta’til kunlari hisoblab berilib, ular uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.
Masalan, agar xodim 2022 yilda ta’tilga chiqmagan bo‘lsa va 2023-2024 yillarda ham undan foydalanmagan bo‘lsa, 2025 yilda unga faqat 2025 yilgi ta’til beriladi. Lekin ishdan bo‘shaganda 2022-2023-2024 yillardagi foydalanilmagan kunlari kompensatsiya tariqasida pullik qoplab beriladi.
Xulosa qilib aytganda, ta’tilni o‘z vaqtida berish ham ish beruvchi, ham xodim manfaatiga. Qoidaga amal qilinmasa, ish beruvchi jarimaga, xodim esa qonuniy haqi bo‘lgan dam olish vaqtidan mahrum bo‘lishi mumkin..
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i B.B.Mavlanov