Янгиликлар
Tug‘ruq ta’tili davrida chaqaloq shifoxonadan chiqmasdan vafot etganda, Xodimning ishga chiqish vaqti va "dekret puli" miqdori.
Tug‘ruq ta’tili davrida chaqaloq shifoxonadan chiqmasdan vafot etganda, Xodimning ishga chiqish vaqti va "dekret puli" miqdori.
Tug‘ruq ta’tili davomida kutilmagan halokatli holatlar yuzaga kelganda, ayniqsa chaqaloq shifoxonadan chiqmasdan vafot etgan vaziyatlarda, ko‘pchilikda “Ona ishga darhol chiqishga haqlimi?” yoki “Dekret puli to‘liq to‘lanadimi?” degan savol tug‘iladi. Quyida ushbu masalaga huquqiy yondashuvni sodda va tushunarli qilib bayon qilaman.
Avvalo, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ayollarga ona bo‘lish bilan bog‘liq ta’til gomiladorlik va tug‘ruq ta’tili sifatida beriladi. Mehnat kodeksining 404-moddasiga ko‘ra, bu ta’til odatda 126 kalendar kunni tashkil etadi. Uning bir qismi tug‘ruqqacha, qolgani tug‘ruqdan so‘ng beriladi. Ayrim holatlarda ushbu muddat oshiriladi: agar ikki va undan ortiq bola tug‘ilsa yoki tug‘ruq og‘ir kechsa, ta’tilga qo‘shimcha kunlar qo‘shiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tug‘ruq sodir bo‘lgan paytda bolaning tirik yoki o‘lik tug‘ilgani ta’til muddatiga ta’sir qilmaydi, agar tug‘ruq 30-haftadan keyin amalga oshgan bo‘lsa. Ya’ni, ayol kishi 30-haftadan keyin tug‘sa, hatto chaqaloq yashab qolmagan taqdirda ham, uning ta’tili to‘liq hajmda beriladi va to‘liq to‘lanadi. Bunday vaziyatda ona “ishga tezroq chiqishi kerak” degan talab qonunga zid hisoblanadi.
Ammo tug‘ruq 30-haftaga yetmasdan sodir bo‘lgan holatlarda qoidalar bir oz farq qiladi. Agar chaqaloq tug‘ilganidan keyin shifoxonadan chiqmaguncha vafot etsa, onaning ta’tili 70 kunga belgilanadi. Agar esa bola shifoxonadan chiqqanidan keyin vafot etgan bo‘lsa, ta’til to‘liq — 126 kun beriladi.
Ya’ni agar xodim 30-haftadan keyin tug‘ruq qilgan bo‘lsa, bolaning hayotiy taqdiriga qaramasdan, u to‘liq 126 kalendar kunlik gomiladorlik va tug‘ruq ta’tilida hisoblanadi. Demak, bu davrda xodim ishga chiqishi shart qilib belgilanmaydi va ta’til uchun pul to‘lovi ham to‘liq amalga oshiriladi. Aks holda, ish beruvchi qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan hisoblanadi.
Shu bois, ish beruvchilar va xodimlar bunday nozik holatlarda qonun normalariga qat’iy amal qilishlari zarur. Tug‘ruq davridagi ta’til — bu onaning tiklanishi va sog‘lig‘ini tiklash uchun beriladigan kafolatdir, ishga tezroq chiqish talab etilishi esa mutlaqo qonuniy emas.
Oqqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i B.B.Mavlanov