Янгиликлар
Intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xizmat tekshiruvi oʻtkazish, tushuntirish xati va tilxat olish shartmi?
Intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xizmat tekshiruvi oʻtkazish, tushuntirish xati va tilxat olish shartmi?
Har qanday holatda ish beruvchi intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xizmat tekshiruvi oʼtkazishga majbur emas. MK 303-moddasiga koʻra, xizmat tekshiruvi oʻtkazish ish beruvchining huquqi hisoblanadi.
MK 344-moddasiga koʻra, muayyan xodimlar tomonidan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishdan oldin ish beruvchi yetkazilgan zararning miqdorini va uning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida nazarda tutilgan tartibda xizmat tekshiruvi oʻtkazishi shart.
Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʼlsa yozma tushuntirishni talab qilishi shart.
Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʼlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Xodimga intizomiy jazo chorasini qoʻllash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Eski tahrirdagi Mehnat kodeksida intizomiy jazo berilgani toʻgʻrisidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga maʼlum qilinib, tilxat olinar edi. Аmaldagi mehnat qonunchiligi boʻyicha tilxat olish shart emas.
Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan eʼtiboran 3 ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.
Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʼlmagan deb hisoblanadi.
Xodimning oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi hozir boʼlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.
Diqqat! MK 300-moddasi 4-qismiga koʻra, maxsus intizomiy javobgarlik xodimlarning faqat alohida toifalari uchun qonunda, shuningdek intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarda nazarda tutilgan hamda xodimga nisbatan tegishli qonunda, intizom haqidagi ustavda va nizomda nazarda tutilgan intizomiy choralarni qoʻllashdan iborat javobgarlikdir.
MK 311-moddasi 3-qismiga koʻra, maxsus intizomiy javobgarlik xodimlarning faqat alohida toifalari uchun qonunda, shuningdek intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarda nazarda tutilgan hamda xodimga nisbatan tegishli qonunda, intizom haqidagi ustavda va nizomda nazarda tutilgan intizomiy choralarni qoʻllashdan iborat javobgarlikdir.
Masalan, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida” Qonun 47-moddasiga koʻra, ushbu Qonun 46-moddasi ikkinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralari davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvining xulosasiga asosan, shuningdek amalda intizomiy jazo chorasi mavjud boʻlganda qoʻllaniladi.
Umumiy intizomiy javobgarlikda esa (MK 300-moddasi 3-qismi) ish beruvchi intizomiy jazo qoʼllanilishidan avval xizmat tekshiruvi oʼtkazishga majbur emas.
|
Yuqori Chirchiq tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti |
Sh.Abdurahmonov |