Янгиликлар
Xodimning ishga mast holatda kelganligi oradan 6 oy oʻtgach aniqlandi. Bu holatda ushbu xodimga intizomiy jazo qoʻllasak boʻladimi?
Xodimning ishga mast holatda kelganligi oradan 6 oy oʻtgach aniqlandi. Bu holatda ushbu xodimga intizomiy jazo qoʻllasak boʻladimi?
Yoʻq. Intizomiy jazo intizomiy qilmish sodir etilgan kundan eʼtiboran 6 oydan kechiktirmay, taftish yoki moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yoxud auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra esa, u sodir etilgan kundan eʼtiboran 2 yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Ushbu muddatlarga jinoyat ishini yuritish vaqti kiritilmaydi (MK 314-modda).
Diqqat! 1 oylik va 6 oylik muddatlarni chalgʻitmaslik lozim!
1-holat. Xodim 2-oktabr kuni ishga mast holatda keldi. Shu kuni intizomiy qilmish aniqlandi, xodimdan tushuntirish xati olindi. Bu holatda intizomiy jazoni darhol, biroq bir oydan kechiktirmay ya’ni 2-noyabrga qadar qoʻllash lozim. Agar bu xodimga 3-noyabrda jazo qoʻllanilsa gʻayriqonuniy boʻladi, chunki 1 oylik muddat oʻtib ketdi (bunda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki ta’tilda boʻlgan davr hisobga olinmaydi).
2-holat. Xodim 2-oktabr kuni smena vaqtida uxlab qolgan, lekin buni hech kim bilmagan. Lekin intizomiy qilmish oradan 6 oy oʻtib, masalan, 3-aprel kuni aniqlangan, bu holatda xodimga intizomiy jazo qoʻllab boʻlmaydi, chunki intizomiy qilmish sodir etilgan kundan e’tiboran 6 oylik muddat oʻtib ketgan. Bu holatda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki ta’tilda boʻlgan davrning ahamiyati yoʻq, chunki bu davrlar 1 oylik muddatda ahamiyatga ega.
3-holat. Xodim intizomiy qilmish sodir etdi, lekin buni hech kim bilmadi hamda bu qilmish oradan 5.5 oy oʻtib aniqlandi. Bu holatda ish beruvchi intizomiy jazoni 1 oy ichida emas, balki yarim oy ichida qoʻllash kerak. Sababi agar 1 oy ichida jazo qoʻllaniladigan boʻlsa, 6 oylik muddat oʻtib ketadi.
Diqqat! Muddatlarni hisoblashda MK 9-moddasidagi qoidalar ham esdan chiqmasin! Masalan, agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri muddatning oʻtishi boshlangan oyga nisbatan kunlari koʻproq yoki kamroq boʻlgan oyga toʻgʻri kelsa, muddat tugaydigan oyning oxirgi kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.
Agar muddatning soʻnggi kuni ishlanmaydigan kunga toʻgʻri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.
|
Yuqori Chirchiq tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti |
Sh.Abdurahmonov |