Янгиликлар
Ish tashlash mеhnat intizomini buzish hisoblanadimi?
Ish tashlash mеhnat intizomini buzish hisoblanadimi?
Ha. Amaldagi mehnat qonunchligi boʻyicha xodimning ish tashlashi mеhnat intizomini buzish sifatida baholanadi. Buni quyidagi fikrlar bilan asoslaymiz.
Dunyo yangiliklarida qaysidir davlatda qaysidir soha ishchilari ish tashlash uyushtirgani haqida tez-tez oʻqib turamiz. Bunday holatlar oʻzimizda ham sodir boʻlib turibdi.
Ish tashlash – mehnat nizolarini hal qilish usullaridan biri boʻlib, biror tashkilot yoki korxonada ish beruvchi bilan xodimlar oʻrtasida jamoaviy mehnat nizosi vujudga kelganda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy talablarining korxona yoki hukumat darajasida qondirilishiga erishish maqsadida jamoaviy tarzda ishlarni toʻliq yoki qisman toʻxtatishni oʻzida ifodalaydi.
Tabiiy savol tugʻiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi boʻyicha xodim ish tashlash huquqiga egami?
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 21-moddasida esa xodimning asosiy mehnat huquqlari mustahkamlangan. Biroq, xodimning ish tashlash huquqi, shuningdek, ish tashlash davrida xodim va ish beruvchining huquq va majburiyatlari amaldagi qonunchiligimizda oʻz aksini topmagan. Lekin qonunchiligimizda paradoks mavjud. Ya’ni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 218-moddasida taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilish yoki favqulodda holat sharoitida korxona, muassasa yoxud tashkilotlar ishiga toʻsqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Unga koʻra taqiqlangan ish tashlashga rahbarlik qilish, shuningdek, favqulodda holat sharoitida korxona, muassasa yoxud tashkilotlar ishiga toʻsqinlik qilish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi[1].
Demak, mantiqan oʻylab qarasak, Jinoyat kodeksida taqiqlangan ish tashlash tushunchasi berilgan ekan, qonuniy ish tashlash ham mavjud boʻlishi kerakmi?
Amaldagi qonunchiligimizda esa qonuniy ish tashlash tushunchasi mavjud emas. Taqiqlangan ish tashlash tushunchasiga esa hech qanday sharh berilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining yangi tahririning dastlabki 636 moddadan iborat 2019-yilgi loyihasining 626-630 moddalarida xodimning ish tashlash huquqi tartibga solingan edi.
Lekin amaldagi Mehnat kodeksida esa ish tashlash huquqi chiqarib tashlandi.
|
Yuqori Chirchiq tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig’i |
M.Shamatov |