Янгиликлар
Intizomiy jazo buyrugʻi 3 ish kuni ichida tanishtirilmasa, bu buyruq bekor boʻladimi?
Intizomiy jazo buyrugʻi 3 ish kuni ichida tanishtirilmasa, bu buyruq bekor boʻladimi?
Qiziq va ancha bahsli savol. Avvalo, ish beruvchilardan mana shunday bahsli savollarga oʻrin qoldirmaslik uchun mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishni soʻrab qolamiz. Hoʻp boʻlar ish boʻlibdi, bu holatda nima qilish lozim?
Demak, MK 313-moddasi 5-qismiga koʻra, ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan e’tiboran 3 ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib e’lon qilinadi.
MK 313-moddasi 6-qismiga koʻra, oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanadi.
Demak, e’tibor bering moddaning 5-qismida 3 ish kuni deyilmoqda, 6-qismda esa muddat koʻrsatilmagan yoki boʻlmasa 5-qismda nazarda tutilgan muddatda degan izohlovchi norma ham berilmagan. Koʻpchilik shu oʻrinda e’tiroz bildirishi mumkin, 5-qismda aytilganku, 6-qismda yana takrorlash shartmi deb. Lekin qonun tili aniq boʻlishi kerak.
Demak, agar ish beruvchi xodimni 3 ish kunida intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruqni imzo qoʻydirib e’lon qilmasa, bu buyruqni bekor qilishga olib kelmaydi, deb hisoblaymiz.
Lekin ish beruvchi mehnat qonunchiligini buzganligi uchun MJTK 49-moddasiga koʻra, ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Tasavvur qilaylik, ish beruvchi 3 ish kunida emas, 4 yoki 5 ish kunida buyruqni e’lon qildi. Agar intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibining boshqa talablari buzilmagan boʻlsa, ya’ni xodim haqiqatan ham intizomiy qilmish sodir etgan boʻlsa, xodimdan tushuntirish xati olingan boʻlsa yoki dalolatnoma tuzilgan boʻlsa hamda boshqa talablarga qat’iy rioya qilingan boʻlsayu, lekin ish beruvchi buyruqni xodimga 3 ish kunidan kechiktirib e’lon qilgan boʻlsa, bu holatda buyruqni bekor qilish uchun asos mavjud emas deb hisoblaymiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 20.11.2023 yildagi 26-son qarori 33-bandida ham, sudlarning e’tibori MK 313-moddasining 6 va 7-qismlariga koʻra, oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanishiga qaratilsin deyilgan.
E’tibor bering, plenum qarorida ham buyruq bilan tanishtirilmagan deyilmoqda, aynan 3 ish kunida ichida tanishtirilmagan deyilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ish beruvchi 3 ish kunidan kechiktirib xodimni buyruq bilan tanishtirishi mumkin deb hisoblaymiz.
Lekin yana bir bor qaytaramiz bu holatda ish beruvchi mehnat qonunchiligini buzganligi uchun MJTK 49-moddasiga koʻra, ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Bu fikrimizga ayrimlar qoʻshilmasligi ham mumkin. Biz ularning ham fikrini hurmat qilgan holda, ish beruvchilar uchun boshqa bir “layfhak” oʻrgatamiz. Tasavvur qiling, Siz MK 313-moddasi 5-qismi talablarini buzdingiz, ya’ni 3 ish kuni ichida xodimga intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruqni imzo qoʻydirib e’lon qilmadingiz.
Shuning uchun six ham, kabob ham kuymasligi uchun, agar MK 314-moddasidagi intizomiy jazoni qoʻllashning 1 oylik muddati oʻtib ketmagan boʻlsa, intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruqni bekor qilingda, xodimga qaytadan MK 313-moddasi talablariga qat’iy rioya qilib intizomiy jazo chorasi qoʻllash haqida boshqa buyruq chiqaring hamda 3 ish kuni ichida eʼlon qiling! Ana sizga “layfhak”, bunga aniq hech kim e’tiroz qila olmaydi. Chunki, intizomiy qilmish aniqlanganidan soʻng intizomiy jazo qoʻllash mumkin boʻlgan 1 oylik muddat hali oʻtib ketmagan.
Hurmatli ish beruvchilardan, mana shunday bahsli holatlarga oʻrin qoldirmasliklari uchun, mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishlarini yana bir bor soʻrab, buyruqni 3 ish kuni ichida xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib e’lon qilishlarini soʻrab qolamiz!
Xodimning oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni rad etsa, hozir boʻlgan guvohlar (kamida 3 nafar guvoh boʻlish tavsiya qilinadi) koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiring. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.
|
Yuqori Chirchiq tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti |
J.Nishonov |