Янгиликлар
19
Dafn etish tizimini takomillashtirishga doir Hukumat qarori qabul qilindi
Dafn etish tizimini takomillashtirishga doir Hukumat qarori qabul qilindi
“Dafn etish ishlarini tashkil etish va hisobini yuritish tizimini takomillashtirish hamda sohada samarali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (735-son, 2025-yil 21-noyabr) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish va ularni ro‘yxatga olish jarayonlari raqamlashtiriladi, shuningdek, mazkur ishlar elektron axborot tizimi orqali monitoring qilinadi.
2026-yil 1-iyunga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida “Dafn etish ishlarini ro‘yxatga olish yagona elektron daftari” moduli hamda uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
2026-yil 1-martdan boshlab, vafot etgan shaxsning o‘limi qayd etilgach, uning eri (xotini), ota-onasi va farzandlarining YIDXP (my.gov.uz)dagi shaxsiy kabinetiga QR-kodli ma’lumotnoma bepul yuboriladi.
Mazkur QR-kodli ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi.
2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha Toshkent shahrida tajriba tariqasida dafn etish ishlarini amalga oshirishning yangi tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra:
— qabriston mudiri (nazoratchisi) tomonidan vafot etgan shaxsni dafn etishga ruxsat berish faqat elektron modul yoki uning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;
— qabriston mudirlari (nazoratchilari) tomonidan dafn etish ishlarini qog‘oz shaklida ro‘yxatga olish tartibi bekor qilinadi.