Янгиликлар
Nikoh tuzish tartibi
Nikoh tuzish tartibi
Oila kodeksining 13-moddasiga muvofiq, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.
Uzrli sabablar bo‘lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin. Alohida hollar (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
Nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi nikohni ro‘yxatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki bo‘ysunishiga ko‘ra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin.
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori
S.Abduraxmanov
Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi va ahamiyati
Nikoh shartnomasi bu - nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.
Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim. Er va xotin nikoh shartnomasiga ko‘ra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqlidir.
Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.
Er va xotin nikoh shartnomasida o‘zaro moddiy ta’minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga, shuningdek nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli.
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov
Bolaning ismi va familiyasini o‘zgartirish
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan bola o‘n olti yoshga to‘lguncha bola manfaatlarini e’tiborga olib, uning ismini o‘zgartirishga, shuningdek unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab o‘zgartirishga haqlidir.
Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga o‘z familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga ta’minot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga ko‘ra bo‘yin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.
Agar bola o‘zaro nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli.
O‘n yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov
Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdorini aniqlash tartibi
Ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment to‘lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo‘lmay, o‘zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo‘lsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati bo‘lmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega bo‘lmasa, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Ota-ona favqulodda holatlar (bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar) tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishi shart.
Qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan ota (ona)dan sud ularning oilaviy va moddiy ahvolini hisobga olib, qo‘shimcha xarajatlarni qisman pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirish haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Aliment O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi.
Chet el valyutasida olinadigan daromadlar aliment undiriladigan kunda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy kursi bo‘yicha so‘mlarda hisoblanadi.
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov
QR-kodli maʼlumotnomani davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qatʼiyan taqiqlanadi
Tug‘ilganlik holati fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan QR-kod (matrik shtrixli kod) tasviri tushirilgan ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi. (Asos: VMQ 28.09.2022 yildagi 540-son).
2026-yil 1-martdan boshlab, vafot etgan shaxsning o‘limi qayd etilgach, uning eri (xotini), ota-onasi va farzandlarining YIDXP (my.gov.uz)dagi shaxsiy kabinetiga QR-kodli ma’lumotnoma bepul yuboriladi. Mazkur QR-kodli ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi, ya'ni FHDY bo'limlaridan o'lim haqidagi guvohnomani olish shart bo'lmaydi ( asos: VMQ 2025-yil 21-noyabrdagi 735-son).
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov
Aholiga ijtimoiy xizmat ko'rsatuvchi xizmatchilariga javobgarlik belgilandi
Ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko'rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda belgilangan imtiyozlarni va ijtimoiy kafolatlarni ta'minlamaslik uchun javobgarlik belgilandi:
Mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Xuddi shu qilmish ma'muriy jazo chorasi qo'llanilgandan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi. (Asos: MJTK 215-9)
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov
Vazirlik, qo‘mita, agentlik va inspeksiya hukumat tuzilmasidagi turli darajadagi tashkilotlar bo‘lib, ularning funksiyalari, vakolatlari va tuzilishi bir-biridan farq qiladi.
Prezidentning maʼmuriy islohotlarga oid PF-269-sonli farmonida ushbu tashkilotlarning aniq taʼrifi alohida keltirilgan:
1.Vazirlik — boshqaradi va siyosat yuritadi. Bu eng yirik tashkilot. Vazirlik biror soha bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqadi, uni hayotga tatbiq qiladi, soha ichidagi boshqa tashkilotlarga boshchilik qiladi. Misol uchun, Adliya vazirligi yuridik sohadagi davlat siyosatini ishlab chiqadi, qonun ijodkorligini muvofiqlashtiradi, yuridik xizmatlarni tartibga soladi, fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini boshqaradi.
2. Qo‘mita — soha ichida muvofiqlashtiradi va tartibga soladi. Qo‘mita biror tarmoqning ishini tartibga soladi, lekin u vazirlikdan kichikroq. Asosan qarorlarni birgalikda (kollegial tarzda) qabul qiladi. Misol uchun, Davlat soliq qo‘mitasi soliq yig‘ish, nazorat qilish, qoidalarni tushuntirish bilan shug‘ullanadi. Korxonalarning qanday soliq to‘lashi kerakligini belgilaydi va tekshiradi.
3. Agentlik — xizmat ko‘rsatadi. Agentlikning asosiy vazifasi aholiga yoki tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish. Masalan, litsenziya berish, ro‘yxatdan o‘tkazish, yordam dasturlarini amalga oshirish va hokazo. Misol uchun, Yoshlar ishlari agentligi yoshlarga imtiyozlar yaratish, grantlar ajratish, loyihalarni moliyalashtirish, turli dasturlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.
4. Inspeksiya — tekshiradi va nazorat qiladi. Inspeksiya kimdir qonunni buzdimi yo‘qmi, belgilangan tartibga amal qilinayaptimi — shularni tekshiradi. Ular nazorat organi hisoblanadi.
Prezident farmoniga ko‘ra, ayrim qo‘mita, agentlik yoki inspeksiyalar alohida maqomga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident yoki Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunishi mumkin. Masalan, Antikorrupsiya agentligi yoki Statistika agentligi.
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov
Post-patrul xodimlari qaysi holatlarda fuqaroni to‘xtatishi va shaxsini aniqlashi mumkin?
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, patrul-post xizmati xodimlari fuqarolarni faqat quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda to‘xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni yoki “E-patrul” tizimi orqali shaxsini aniqlashi mumkin:
1️. Shaxs jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan deb gumon qilish uchun asoslar bo‘lsa
– Xodimda fuqaro tomonidan qonunbuzarlik sodir etilgan yoki sodir etilish arafasida ekanligi haqida asosli taxmin bo‘lishi kerak.
2️. Shaxs qidiruvda bo‘lishi yoki uni qidiruvdagi shaxs deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa
3. Fuqaro sodir etilgan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik haqida muhim ma’lumotlarga ega deb hisoblash mumkin bo‘lganda – Voqea guvohlarining shaxsini aniqlash, ularni zarur hollarda so‘rovga jalb qilish uchun.
4️. Jamoat tartibi, xavfsizligi yoki fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga tahdid bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarda – Masalan, xavf soluvchi predmetlar, mast holat, yoki atrofdagilarga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlar mavjud bo‘lsa.
❗️Xodim fuqaro to‘xtatilgan zahoti shaxsini aniqlash sababi va asoslarini aniq tushuntirishi shart. Bu – fuqaroning huquqi.
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov
Qonun, qaror, farmon va farmoyish: farqi nimada?
"Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir. Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.
Qonun — inson, jamiyat va davlat manfaatlari nuqtai nazaridan eng muhim hisoblanadigan ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlash, rivojlantirish va tartibga solish vositasi. Qonun davlat oliy vakillik organlarining eng yuqori kuchga ega boʻlgan hujjatidir. Qonun davlat huquq tizimining asosini tashkil qiladi, davlatning boshqa hamma organlarining normativ aktlariga nisbatan eng katta yuridik kuchga ega boʻladi.
Qaror — davlat organi yoki mansabdor shaxsning oʻz vakolati doirasida muayyan maqsadga erishish yoʻlida qabul qiladigan va biror oqibat keltirib chiqaradigan hujjati. Qaror, odatda, ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan qabul qilinib, u ana shu organning oʻz vazifalarini amalga oshirish vositalari va yoʻllarini nazarda tutgan boshqaruv vaziyatini tahlil etish hamda baholashga oid erki ifodasi hisoblanadi.
Farmon — muayyan mamlakatlarda davlat boshligi (Prezident) chiqaradigan muhim huquqiy hujjat. F. bilan, odatda, shaxslar yuksak lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi, favqulodda yoki harbiy holat tartibi joriy etiladi, orden va medallar bilan mukofotlash amalga oshiriladi, oliy harbiy va faxriy unvonlar beriladi, umumnormativ xususiyatga ega boʻlgan qarorlar rasmiylashtiriladi. Umumiy qoidaga koʻra, Farmon mazkur davlat konstitutsiyasi va qonunlariga zid boʻlmasligi kerak.
Farmoyish — boshqaruvga doir huquqiy hujjat; konstitutsiyaviy huquqda davlat boshligʻi va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vakolatlari doirasida chiqariladi. Ijro etuvchi hokimiyat organining tez hal qilinishi kerak boʻlgan va boshqa joriy masalalariga oid qarori farmoyish shaklida chiqariladi.
Yosh ofitser kadrlarni tayyorlash uchun sarflangan mablag‘larni undirish tartibi takomillashtirildi
Prezident qarori (PQ–327-son, 03.11.2025 y.) bilan “O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endilikda oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘qishni tamomlagach, 5 yil davomida ofitser lavozimlarida xizmat o‘tamasalar, ularni o‘qitishga sarflangan mablag‘lar davlat foydasiga undiriladi.
Shu bilan birga, ayrim bitiruvchilar harbiy xizmatchi sifatida emas, balki xodim sifatida boshqa idoralarda xizmat qilayotganini inobatga olib, ular ham 5 yil xizmat o‘tash majburiyatiga ega bo‘lishi qaror bilan mustahkamlanmoqda.
Angren shahar adliya bo`limi
FHDY bo`limi
1-toifali inspektori S.Abduraxmanov