Янгиликлар
Yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratiladi
Yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiya ajratiladi
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi 312-son qarori bilan tasdiqlangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar)lardagi “Yoshlar daftari” jamg‘armalari to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq, Quyidagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilangan. Bunda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan quyidagi toifadagi bemor yoshlarga davolanish xarajatlari qoplab beriladi:
• “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandi;
• “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar farzandi;
• “Ijtimoiy himoya yagona reestri” ATga kiritilgan oila farzandi;
• Salomatligida nuqsoni mavjud va oilasi kam ta’minlangan yosh fuqaro.
Bunda ariza beruvchi mahalladagi yoshlar yetakchisiga ariza beradi.
Ariza beruvchi subsidiya ajratishni so‘rab murojaat qilganda mahalladagi yoshlar yetakchisi uch ish kuni ichida hududiy birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasidan shifokor jalb qilishga ko‘maklashadi va ariza beruvchining sog‘lig‘i holati baholanadi.
O‘rganish natijasida ariza beruvchiga tibbiy yordam ko‘rsatish zarurati aniqlanganda, ariza beruvchining sog‘lig‘i holatiga qarab belgilangan tartibda davolash uchun tegishli birlamchi, viloyat yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi.
Toshkent tumani adliya bo‘limi
bosh maslaxatchisi
M.Xasanov