Янгиликлар
Ish beruvchi tomonidan xodimga beriladigan sovg‘alar daromad solig‘iga tortiladimi?
Ish beruvchi tomonidan xodimga beriladigan sovg‘alar daromad solig‘iga tortiladimi?
Xususiy tashkilotda ish yurituvchi bo‘lib ishlayman. Oy oxirida mehnat unumdorligim yuqori bo‘lganligi sababli, mukofot tariqasida menga televizor sovg‘a qilindi. Ushbu sovg‘a uchun daromad solig‘i to‘laymanmi?
O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilaridan biri hisoblanadi. Soliq to‘lovchining jami daromadi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasidagi va uning tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlari mazkur soliq obekti hisoblanadi.
Soliq qonunchiligida ayrim turdagi daromadlarga soliq solinmasligi belgilangan. Xususan, ish beruvchi tomonidan xodimlarga soliq davri mobaynida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2,11 baravarigacha bo‘lgan qiymatdagi natura shaklida taqdim etilgan sovg‘alardan daromad solig‘i olinmaydi.
Hozirgi kun holatida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 155 000 so‘m bo‘lib, uning 2,11 baravari 2 437 050 so‘mni tashkil etadi. Agar xodim tomonidan natura shaklida olingan sovg‘aning qiymati ushbu miqdorgacha bo‘lsa, ushbu sovg‘a uchun daromad solig‘i ushlab qolinmaydi. Biroq, sovg‘aning qiymati mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori 2,11 baravaridan oshadigan bo‘lsa, uning ushbu qiymatdan ortiqcha qismidan daromad solig‘i olinadi.
Masalan, xodimga taqdim etilgan televizorning qiymati – 4 000 000 so‘m. Mazkur holatda xodim televizorning 1 562 950 so‘m qiymatdagi qismi uchun daromad solig‘i to‘laydi. Daromadning qolgan qismi esa, soliqqa tortilmaydi.
Toshkent tumani adliya bo‘limi
bosh maslaxatchisi
M.Xasanov