Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

06

Fuqarolik ishlarining sudlovliligi tushunchasi va turlarini tahlil qiling. Fuqarolik ishlarining sudlovliligi deganda


Fuqarolik ishlarining sudlovliligi tushunchasi va turlarini tahlil qiling.

Fuqarolik ishlarining sudlovliligi deganda, sudlovga tegishli bo‘lgan ishlarning turlari hamda joylashgan hududiga qarab bir tizimdagi sud bo‘g‘inlari o‘rtasida taqsimlanishini belgilab beruvchi fuqarolik protsessal huquqi normalari majmuiga aytiladi. Fuqarolik protsessual qonunchilik sudlovga tegishliligining quyidagi ikki turini belgilaydi: -turdosh; -hududiy. Turdosh sudlovlilik deganda, sudlovga tegishli bo‘lgan fuqarolik ishlarining ijtimoiy ahamiyati, murakkablik darajasi va sub’ektlar tarkibiga qarab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar o‘rtasida taqsimlanishini tushunish lozim. Mamlakatimizdagi fuqarolik protsessual huquqiga oid darsliklarda ham turdosh sudlovlilik deganda ishning turiga, nizoning predmeti nimadan iborat bo‘lishi va taraflarning kimlar bo‘lishiga qarab chegaralanishi tushuniladi. Mamlakatimiz fuqarolik protsessual qonunchiligini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, qonunchilikda fuqarolik ishlari uchun turdosh sudlovga taalluqlilik qoidalari bo‘yicha bitta holat nazarda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 298-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan bolani farzandlikka olishni istovchi O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida doimiy yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar farzandlikka olish to‘g‘risidagi arizani farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat yoki Toshkent shahar sudiga beradi. Sudlovlilikning hududiy sudlovga tegishlilik turi fuqarolik ishlarining hudud bo‘yicha sudlovga tegishliligi haqidagi umumiy qoidalarni o‘z ichiga oladi. Xususan, arizalarning javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashg‘ul bo‘lgan joydagi sudga berilishi, tashkilotlarga nisbatan arizalar esa  ular davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi sudga berilishi haqidagi qoidalar shundan dalolat beradi. Hududiy sudlovlilik turlari: da’vogarning tanlovi bo‘yicha sudlovga tegishlilik (FPKning 34-moddasi); sudlovga tegishlilikning alohida hollari (FPKning 35-moddasi); kelishilgan sudlovga tegishlilik (FPKning 36-moddasi); bir-biri-bilan bog‘liq ishlarning sudlovliligi (FPKning 37-38-moddalari). Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ariza beruvchi bo‘lgan farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek qonun bilan o‘z vakolatiga kiritilgan boshqa ishlarni ko‘radi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari alohida holatlardan kelib chiqib, har qanday ishni fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudidan olishga va uni birinchi instansiya sudi sifatida o‘z ish yurituviga qabul qilishga yoki ishni bir suddan boshqa fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga o‘tkazishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunda o‘z vakolatiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqadi, shuningdek alohida holatlarni hisobga olib, har qanday ishni O‘zbekiston Respublikasining istalgan sudidan olishga va uni birinchi instansiya sudi sifatida o‘zining ish yuritishiga qabul qilishga yoki ishni bir suddan boshqa tegishli sudga o‘tkazishga haqli.

 

Bekobod shaxar Adliya bo‘limi

YuXKM boshlig‘i                                                  

Nizomiddin Tursunov