Янгиликлар
Fuqarolik protsessida uchinchi shaxslar tushunchasi va turlarini tahlil qiling.
Fuqarolik protsessida uchinchi shaxslar tushunchasi va turlarini tahlil qiling.
Fuqarolik protsessual huquqiy munosabatlar sudda o‘zining huquqi yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilishni so‘rab murojaat qilgan shaxsning, prokurorning hamda agar davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar qonunga muvofiq boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat etishga haqli bo‘lsalar, ularning bergan arizalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishlar natijasida yuzaga keladi. Protsessda yana shunday shaxslar ham borki, ular boshqa shaxslar tomonidan boshlangan jarayonga kirib keladilar va fuqarolik huquqiy nizolarning hal etilishidan taraflar kabi manfaatdor bo‘ladilar. Da’vogar va javobgarga nisbatan ushbu shaxslar (hisob bo‘yicha) uchinchi shaxslar deb e’tirof etiladi va shuning uchun ham ushbu shaxslar fuqarolik protsessida uchinchi shaxslar deb nomlanadi. FPKning 39-moddasiga muvofiq, uchinchi shaxslar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tarkibiga kiradi. Uchinchi shaxslar fuqarolik protsessida taraflarga tenglashtiriladi. 2 turi bor: 48-modda. Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar ishga kirishishi mumkin. Ular da’vogarning barcha huquqlaridan foydalanadi va uning barcha majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi. Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiluvchi uchinchi shaxslar ishga sud muhokamasi boshlanganidan so‘ng kirishgan bo‘lsa, ishni ko‘rish boshidan boshlanadi. 49-modda. Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar, agar ish bo‘yicha qabul qilinadigan hal qiluv qarori ularning taraflardan biriga nisbatan bo‘lgan huquqlariga yoki majburiyatlariga ta’sir etadigan bo‘lsa, sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar da’vogar yoki javobgar tarafida ishga kirishishi mumkin. Ular taraflarning, prokurorning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosnomasi bo‘yicha yoxud sudning tashabbusi bilan ham ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar taraflarning protsessual huquqlaridan foydalanadi va ularning protsessual majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi, bundan arz qilingan talablarning asosini yoki predmetini o‘zgartirish, miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish, ulardan voz kechish huquqi mustasno. Agar nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs o‘z harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida da’vogarning huquqlari buzilganligi to‘g‘risida arz qilingan talablarni tan olgan taqdirda, sud majburiyatni bajarishni uchinchi shaxs zimmasiga yuklatish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilishga haqli. Xuddi shunday hollarda, da’vogar va mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs o‘rtasida kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yo‘l qo‘yiladi. Agar nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs ishga sud muhokamasi boshlangandan so‘ng kirishgan bo‘lsa, ishni ko‘rish boshidan boshlanadi.
Bekobod shaxar Adliya bo‘limi
YuXKM boshlig‘iNizomiddin Tursunov