Янгиликлар
Dastlabki sinov natijasi
Dastlabki sinov natijasi
Javob:Dastlabki sinov muddati tugaguniga qadar taraflarning har biri ikkinchi tarafni kamida uch kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz bo‘lganda, xodimni sinovdan o‘tmagan deb e’tirof etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablarni ko‘rsatgan holda o‘z tashabbusiga ko‘ra, dastlabki sinov davrida bekor qilishga haqli.
Xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini dastlabki sinov davrida bekor qilish uchun xodimning yozma arizasi asos bo‘lib, unda xodimning mehnatga oid munosabatlarni haqiqatda tugatish istagi aks ettirilishi kerak. Bunda xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga undagan sabablar ahamiyatga ega emas.
Mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish muddatini qisqartirishga faqat shartnoma taraflarining kelishuvi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasi dastlabki sinov davrida bekor qilinayotgan taqdirda, xodim ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan yoki mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan belgilangan, mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish muddati mobaynida mehnatga oid munosabatlarni tugatish haqida berilgan arizani qaytarib olishga haqli.
Dastlabki sinov davrida xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida qonunda belgilangan yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra aniqlangan ogohlantirish muddati tugagach, xodim ishni tashlab ketishga haqli. Ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilinishini kechiktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar mehnat shartnomasida nazarda tutilgan dastlabki sinov muddati tugagan bo‘lsa yoxud ushbu muddat tugashiga kamida uch kun qolgan bo‘lsa hamda xodim yoki ish beruvchi uch kunlik ogohlantirish muddatini qisqartirishga o‘z roziligini bermasa, mehnat shartnomasining amal qilishi davom etadi va kelgusida uni bekor qilishga umumiy asoslarda yo‘l qo‘yiladi.
Bekobod shaxar Adliya bo‘limi
YuXKM bosh yuriskonsulti
Dildora Djuraeva