Янгиликлар
Aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolari aniqlanadi, tahlil qilinadi va bartaraf etiladi.
Aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolari aniqlanadi, tahlil qilinadi va bartaraf etiladi.
(O‘zbekiston Respublika Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini
shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-sonli Farmoni. 24.05.2024 yil.)
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil
25 yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda adliyaorganlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Adliya vazirligining qo‘shimcha 4 ta yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi:
·aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish;
·joylarda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish;
·fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish;
·davlat organlari va mahallalarda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda metodik yordam ko‘rsatib borish.
Shuningdek, adliya bo‘limlariga 6 ta yangi vazifa yuklatilmoqda:
·aholi muammolarini o‘rganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish;
Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib boriladi
·uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqish;
·“Online-mahalla” platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolarni hal etib borish;
·aholiga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash va ularga huquqiy tushuntirishlar berish;
·yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida xabardor qilish;
·tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatib borish.
Farmonga asosan maktablarda “Huquq sinfi” va huquq fanlarini chuqurlashtirilgan holda o‘qitish tashkil qilinyapti.
Bu orqali biz yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab chuqurroq o‘rgatish imkoniga ega bo‘lamiz.
Ø Davlat organlarining yoshlarga o‘z eshiklarini ochishini ham juda ijobiy holat sifatida baholayman. “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlari doirasida adliya organlariga yoshlarni olib borish imkoni yaratilyapti. Bu degani yoshlar haqiqiy professional yuristlar bilan muloqot qiladilar.
O‘rganishlar, tahlillar natijasida Farmon bilan adliya organlari faoliyatida juda katta o‘zgarishlar, shuningdek aholiga qo‘shimcha yengillik va qulayliklarni joriy etish nazarda tutildi.
Xususan, aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish borasida muammolarni hal qilishda “fuqaro – mahalla – adliya” tizimi joriy etiladi.
Bunda, aholining kundalik hayotidagi huquqiy muammolar “mahalla yettilik”lari orqali Onlayn mahalla platformasidan foydalanib adliya organlariga yetkaziladi. Adliya organlari tomonidan esa mazkur muammolar yechimlari bo‘yicha huquqiy tadbirlar, qonunchilikka takliflar ishlab chiqiladi. Shu orqali “mahalla yettiligi”ga fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borishga ko‘maklashib boriladi.
Farmon bilan markazlar orqali yana 13 ta yangi xizmatlar joriy etilmoqda va davlat xizmatlarining har bir mahalla va fuqaroning hayotiga yanada yaqinroq kirib borishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlarga ham agent sifatida 15 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Yana bir qulaylik davlat xizmatlarini ko‘rsatishda Face-ID tizimi joriy qilinishidir. Face-ID tizimi - bu biror davlat xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lgan fuqaroni uning yuzidan tanib, u haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda aniqlaydigan tizim hisoblanadi.
Hozirda fuqarolar xizmat olish uchun Davlat xizmatlari markaziga kelganda uning shaxsini aniqlash uchun pasport yoki ID-karta talab qilinadi. Endilikda, Face-ID tizimi joriy etilsa, ushbu hujjatlarga ham zarurat bo‘lmaydi, tizimning o‘zi fuqaroning kimligini aniqlab beradi.
Ushbu o‘zgarishlar, albatta, fuqarolarning vaqtini va mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
28 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga, shu jumladan 11 ta Farmon va 17 ta qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ibroxim Xatamov
Oqqo‘rg‘on tumani
adliya bo‘limi boshlig‘i