Янгиликлар
Ko’chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish bo’yicha davlat xizmatini k
Ko’chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish bo’yicha davlat xizmatini ko’rsatishning huquqiy asosi 2-sentyabr 2020-yildagi Vazirlar Mahkamasining 535-sonli qarori bilan tasdiqlangan Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko’rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to’g’risidagi qaroriga 1-ilova ya’ni, Ko’chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish bo’yicha davlat xizmatlari ko’rsatishning ma’muriy reglamenti asos hisoblanadi. Unga asosan ko’chmas mulk obyektiga kadastr pasporti quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi:
1) Ko’chmas mulk obyekti bo’yicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda
2) Ko’chmas mulk obyektining bir qismi begonalashtirilganda yoki yer uchastkasi alohida bo’linganida
3) Qishloq xo’jaligiga mo’ljallanmagan yer uchastkalari xususiylashtirilganidan so’ng ularning bir qismiga bo’lgan huquq boshqa shaxsga o’tganida
4) Yer uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari o’zgarganida
5) Ko’chmas mulk obyektining manzilini belgilashda yoki o’zgartirishda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish asosiy turi yoki kapital qurilish obyektining foydalanish maqsadi o’zgarganida
6) O’z yer uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirilmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud bo’lganida.
Kadastr pasporti obyektning murakkabligiga qarab quyidagi muddatlarda tayyorlanadi:
Ko’chmas mulk obyektlarining turar joyga oid qismi bo’yicha, ko’p kvartirali uydagi kvartira uchun 3 ish kunigacha;
Yakka tartibdagi turarjoylar uchun esa 5 ish kunigacha.
Ko’chmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish xizmatlarining foydalanuvchisi uchun ikki xil variant mavjud. Ya’ni, davlat xizmatlari markaziga shaxsan o’zi kelib murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin. Bunda arizachi so’rovnomada ko’rsatilgan ma’lumotlarni to’ldiradi. Shundan so’ng ariza uchun belgilangan to’lov amalga oshirilganidan so’ng ariza tegishli tuman (Shahar) kadastr filiallariga borib tushadi. Bunda kadastr filiali reglamentda belgilangan muddatlarni hisobga olgan holda arizani ko’rib chiqadi. Ko’chmas mulk obyektini joyiga chiqib o’lchov ishlarini amalga oshiradi. To’lov miqdori ko’rsatilgan xabarnomani davlat xizmatlari markaziga yoki ariza beruvchiga yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboradi. Ariza uchun belgilangan to’lovlar amalga oshirilganidan so’ng tizimdan kadastr pasportini yuklab olish yoki chop etish mumkin bo’ladi.
Bo’ka tumani Davlat xizmatlari markazi sho’ba boshlig’i N.Yusupova